Toʻraqoʻrgʻonda “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi kunlari

    Madaniyat 5 Dekabr 2023 1159

    Toʻraqoʻrgʻonda maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar doirasidagi “Gazetalar kunlari”da markaziy hamda viloyat rasmiy bosma nashrlari masʼul xodimlari qatnashdi.

    Dastlab tuman hokimi Ahrorbek Mansurov soʻzga chiqdi. U kitob va matbuot mutolaasining davlat xizmatchisi kamolotidagi oʻrni alohida ekanligi xususida hayotiy misollari, fikr-mulohazalari bilan oʻrtoqlashdi.

    Shundan soʻng Vazirlar Mahkamasi nashri hisoblangan “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi Namangan viloyati boʻyicha muxbiri Orifjon Joʻrayev, viloyat va tuman hokimligining “Namangan haqiqati”, “Namanganskaya pravda”, “Davr” gazetalari bosh muharrirlari Akramjon Sattorov, Odiljon Inomov, Zohidaxon Kenjayevalar Toʻraqoʻrgʻondagi har taraflama ijobiy oʻzgarishlarni eʼtirof etib, bu borada tuman rahbari tajribasini, tashabbuskorligini taʼkidlashdi.

    Ijodiy muloqotda “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri mazkur gazeta davriyligi, mazmun-mundarijasi, kelgusidagi rejalari toʻgʻrisida batafsil gapirib berdi. Muhim maʼlumotlarni bildirib oʻtdi.

    Darhaqiqat, hozirda yurtimiz, hududlardagi ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, xalqaro hamkorlikka oid jarayonlarni yoritishda, keng ommaga yetkazishda gazetalar imkon qadar faollik, fidoyilik namunasini koʻrsatmoqda. Ijtimoiy tarmoqlar rivojlangan zamonda tolmas targʻibotchilik vazifasini sharaf va mashaqqat bilan uddalashmoqda.

    Bugungi kunda “Yangi Oʻzbekiston” tahririyati tomonidan nafaqat kunlik gazeta chop etilmoqda, balki uning internet, ijtimoiy tarmoqlarda maxsus sahifalari mavjud. Jumladan, www.yuz.uz veb-sayti, yuz_official Telegram kanali, Instagram, Yutub, Feysbuk kabi platformalarda ham oʻz oʻquvchilariga ega. Ayni platformalarda muntazam ravishda axborotlar, tahliliy materiallar, videointervyular, suhbatlar joylanadi.

    Samimiy va qizgʻin ruhda kechgan uchrashuv davomida jurnalistlar mushtariylarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob qaytarishdi.