To'rt kunlik ish haftasiga o'tish rejalashtirilyapti

    Qozog'istonning Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi ijtimoiy himoyaga oid qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasiga taqdim etdi.

    Qonun loyihasining asosiy yangiliklaridan biri qozogʻistonliklarning 4 kun ishlash imkoniyatidir.

    Qayd etilishicha, hujjat loyihasi prezident Qosim-Joʻmart Toʻqayevning Murojaatnomasi doirasida ishlab chiqilgan boʻlib, Ijtimoiy Kodeks loyihasi qoidalarini amalga oshirishga qaratilgan.

    “Qonun loyihasini ishlab chiqishdan maqsad Qozogʻiston Respublikasining normativ-huquqiy hujjatlarini Ijtimoiy Kodeksning qabul qilinishiga muvofiqlashtirish zarurati edi”, – deyiladi eslatmada.

    Qonunning qabul qilinishi mehnat bozori barqarorligini taʼminlash, aholi bandligini taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlarning shaffofligi va maqsadliligini oshirish hamda mehnat sohasidagi keskin vaziyatlarga tezroq javob berishga koʻmaklashishi kutilmoqda.

    “Mehnat shartnomasida tomonlarning kelishuviga koʻra, besh yoki olti kunlik ish haftasiga almashtirish huquqi bilan toʻrt kunlik ish haftasini belgilashga ruxsat beriladi”, – deyiladi qonun loyihasida.

    Bunda toʻrt kunlik ish haftasi bilan qoʻshimcha ishlarning umumiy davomiyligi oyiga oʻn ikki soatdan va yiliga bir yuz yigirma soatdan oshmasligi kerak.