Sirdaryoning Qozog'istondan oqib o'tuvchi qismida 11 kishi cho'kib ketgani haqida xabarlar tarqaldi. Ular orasida yosh bolalar ham bo'lgan. Bu haqida Turkiston viloyati hokimligi matbuot xizmati ma'lumotiga tayanib, uznews.uz xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, viloyat hokimligiga 21-avgust kuni soat 18:00 atrofida aholidan odamlar suvga cho'kib ketgani haqida xabar kelib tushgan. Suzishga kelgan 4 oilaning 20 nafar a'zosidan 11 nafari cho'kib ketgan. Ular orasida besh nafar yosh bolalar bo'lgan.
"Bu joy suzish uchun mo'ljallanmagan. Qirg'oq juda sirpanchiq va chuqurlik darhol boshlanadi. Aftidan, biri qoqilib, cho'kib keta boshlagan, boshqalari esa uni tortib olishga uringan. Natijada, cho'kib ketishgan", — deyiladi xabarda.
Voqea joyida viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi huzurida tezkor shtab tuzilgan. O'tiror tumani hokimligi, viloyat favqulodda vaziyatlar, o'rmon xo'jaligi boshqarmalari xodimlari hamda ko'ngillilar jo'natilib, zudlik bilan qidiruv ishlarini boshlab yuborilgan.
Hozirda suvdan 8 kishining jasadi chiqarilgan, qolganlarini qidirish ishlari davom etmoqda.