Fuqarolarning murojaatlari oʻrganilib, ularni hal qilish boʻyicha olib borilgan amaliy harakatlar davomida koʻplab fuqarolarning muammolari oʻz yechimini topmoqda.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Prokuraturasi, Toʻrtkoʻl tuman sektor rahbarlari ishtirokida oʻtkazilgan sayyor qabullar davomida tumandagi koʻplab yoshlar va ayollarga amaliy yordamlar koʻrsatilmoqda.
Toʻrtkoʻl tumanida oʻtkazilgan tadbirda murojaatlari hal boʻlgan yoshlarga 20 ta eng soʻnggi rusmdagi zamonaviy tikuv mashinasi, 20 ta payvandlash uskunasi, 5 ta noutbuk, 4 ta pechka va 4 dona mikser berildi. 11 nafar yoshlarga bir martalik moddiy yordam berildi. Shuningdek, “Ayollar daftari”dagi 39 nafar ayolga mini-pechlar, 20 nafar ayolga bir martalik moddiy yordam berildi.
Aholi bandligiga koʻmaklashish markazi tomonidan ishsiz fuqarolarni ishga joylashtirish boʻyicha yoʻllanmalar berilgan boʻlsa, tuman Xalq banki va Mikrokreditbanki tomonidan kredit masalalari hal qilinib, oʻz ishini boshlash arafasidagi yoshlar va ayollarga maxsus sertifikatlar, besh nafar yoshlarga motokultivator topshirildi.
Fuqarolar murojaatlari eʼtiborsiz qolmayotgani hamda muammolari hal boʻlayotganidan mamnun.
Tadbir yakunida tuman madaniyat xodimlari tomonidan tashkil etilgan konsert dasturi tadbirga koʻtarinki kayfiyat bagʻishladi.
Minajatdin QUTLIMURATOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri