O'zFA Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi qo'lyozmalar fondida ham ko'plab noyob qo'lyozma va toshbosma (litografik) asarlar saqlanadi.  

Muzey xodimlari tomonidan “Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyida saqlanayotgan toshbosma asarlarning elektron katalogini yaratish va nashrga tayyorlash” nomli amaliy loyiha doirasida mingga yaqin toshbosma asarlar ustida izlanishlar olib borildi. Ular turli  mavzularga oid bo'lib, tili va mavzusi bo'yicha teng miqdorda saralab olindi.

Olimlar guruhining uch yillik izlanishlari natijasida arabiy, forsiy, turkiy tildagi toshbosma asarlarning katalogi nashrga tayyorlandi va “Fan” nashriyoti tomonidan chop qilindi.

Katalogdan muzey qo'lyozmalari fondida saqlanayotgan 500 ta toshbosma asarning ilmiy tavsifi o'rin olgan. Arabiy, forsiy, turkiy tildagi asarlar asosan adabiyot, tarix, tilshunoslik, tibbiyot,  tafsir va hadis ilmi, mantiq va kalom ilmi, aqoid, fiqh, nahv va sarf ilmlari va boshqa sohalarga taalluqli.

Katalog adabiyotshunos, sharqshunos, manbashunos, matnshunos mutaxassislar  hamda vatanimiz qo'lyozma fondlarida saqlanayotgan yozma yodgorliklar bilan qiziquvchilar uchun mo'ljallangan.