Xitoyning Guandun provinsiyasi markazi Bayyun xalqaro aeroportida reys ekipaji va yo‘lovchilarini mintaqa aviatsiya hukumati, aeroport maʼmuriyati, “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi rahbariyati hamda ommaviy axborot vositalari vakillari tantanali kutib oldi.
Guanchjou Bayyun xalqaro aeroporti bosh direktori o‘rinbosari Si Yaomin yangi aviaqatnovning yo‘lga qo‘yilishi nafaqat “havo yo‘lagi”ning kengayishi, balki qadimiy Buyuk ipak yo‘lining zamonaviy davomi ekanini taʼkidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Xitoyning janubiy darvozasi va mamlakatning yirik xalqaro savdo markazlaridan biri bo‘lgan Guanchjou bilan Markaziy Osiyoning muhim transport-logistika markazi sanalgan Toshkent o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnov savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va madaniy-gumanitar aloqalarning yana-da kengayishiga xizmat qiladi.
Xitoylik sayyohlar ikki mamlakat o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarning kengayishini ijobiy baholab, yangi parvozlar O‘zbekistonning boy madaniy-tarixiy merosi, jumladan, Samarqand, Buxoro va Xivaning dunyoga mashhur tarixiy obidalari bilan tanishish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishini qayd etdi.
Taʼkidlash joizki, yangi yo‘nalish bo‘yicha parvozlar 28 maydan boshlab haftasiga bir marta (chorshanba kuni) amalga oshiriladi. Shu bilan birga, bugungi kunda Xitoyning Guandun provinsiyasidan Toshkentga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarning umumiy soni haftasiga 12 taga yetdi.