Prezident tumanda mebelchilikni rivojlantirish, “Shahriston Kubosi” arxeologiya yodgorligida osmon ostida muzey tashkil etish va turistlarni jalb qilish kabi imkoniyatlarni ham koʻrsatib oʻtdi.

Bularni hisobga olib, sanoat, qishloq xoʻjaligi, savdo va turizmni jadal rivojlantirish, infratuzilmani yaxshilash boʻyicha yangi yondashuvlar asosida Quva tumani uchun ikki yillik dastur ishlab chiqish topshirildi.

Quva iqtisodiyotining oʻsish nuqtasi boʻlgan har bir hudud boʻyicha master reja ishlab chiqiladi va 100 milliard soʻm ajratiladi.

Transport vazirligiga “Toshkent – Andijon” yoʻnalishida yoʻlovchi poyezdi Quvada ham toʻxtab oʻtishini tashkil qilish topshirildi.

Qoʻqon azal-azaldan maʼrifat, madaniyat va savdo markazi, mamlakatimizning qolgan hududlarini vodiy bilan bogʻlovchi asosiy koʻprik boʻlib kelgan.

Bugungi kunda Qoʻqon aholisi 310 mingga yetib, viloyatda ikkinchi, vodiyda esa toʻrtinchi yirik shaharga aylandi.

Soʻnggi yillarda Qoʻqonga juda katta investitsiya kirdi, Qoʻqon erkin sanoat zonasida 400 million dollarlik 100 ga yaqin loyihalar ishga tushdi.

Shu bilan birga, Qoʻqonda hali ishga solinmagan katta salohiyat mavjudligi qayd etildi.

Shu munosabat bilan Qoʻqonda maxsus sanoat zonasi tashkil etiladi, unda 1 milliard dollarlik loyihalarni boshlash, kamida 10 mingta yuqori daromadli ish oʻrni yaratish reja qilingan.