“Toshkent — Buxoro — Toshkent” yoʻnalishida yangi poyezd qoʻyiladi. Bu haqda Transport vazirligi axborot xizmati maʼlum qildi.
“Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 33-yilligi munosabati bilan yangi poyezd qoʻyilishi rejalashtirilgan.
Mazkur dizel poyezdi “Toshkent yoʻlovchi vagonlarini qurish va taʼmirlash zavodi” AJ va “Oʻztemiryoʻlyoʻlovchi” AJ shartnomasi asosida qurilgan boʻlib, tarkibi 12 ta vagondan iborat, bundan 2 ta VIP, 4 ta biznes, 4 ta ekonom, 1 ta restoran va 1 ta dizel vagonlari bor. (Biznes-klass oʻrindiqlari yoʻnalish boʻyicha oʻzgaradi). Hozirda poyezd mazkur yoʻnalishda sinovdan oʻtkazish jarayonida.
Poyezd harakat vaqti 6 soatdan iborat boʻlib, 592 km masofani bosib oʻtadi. Yangi dizel poyezdi sinovi yakunlangach, yaqin kunlarda yoʻlovchilarga foydalanish uchun topshiriladi.
Vagonlar afzalliklari ularning qulayligidan tashqari, yozda sovitish tizimi boshqa vagonlardan farqli ravishda ular toʻxtab turganda ham ishlashda davom etadi.