Toshkent aeroporti hududida ayrim cheklovlar oʻrnatildi

    Hozirgi kunlarda Toshkent aeroporti hududida mavjud terminalni kengaytirish maqsadida qurilish ishlari olib borilmoqda.

    Shu munosabat bilan qurilish-montaj ishlari olib borilayotgan joylarda xavfsizlikni taʼminlash hamda odamlarning toʻplanishining oldini olish maqsadida aeroport hududida ayrim cheklovlar joriy etildi.

    Avtotransport vositalari, jumladan, taksilar va sayyohlik avtobuslari kirishi uchun xalqaro terminal avtoturargohi yonida yoʻlovchilarni tushirish/olish uchun alohida yoʻlak ajratilgan. Ushbu yoʻlakdan foydalanish bepul va yoʻlovchilarni tushirish/olish muddati 10 daqiqadan oshmasligi lozim. Uzoqroq vaqtga toʻxtash kerak boʻlsa, avtoturargohdan foydalanish lozim.

    Shuningdek, terminalda rekonstruksiya ishlari munosabati bilan “Toshkent” xalqaro aeroportining joʻnab ketish zaliga kuzatuvchilarning kirishi vaqtincha cheklangan. Istisno tariqasida, homilador va bolali ayollar, qariyalar va nogironlarga hamrohlik qiluvchi shaxslarga joʻnab ketish zaliga kirishga ruxsat etiladi. Kuzatuvchilar oʻzlari bilan shaxsni tasdiqlovchi hujjat olib kelishlari kerak.

    “Uzbekistan Airports” kompaniyasi rahbariyati va “Toshkent” xalqaro aeroporti maʼmuriyati vaqtinchalik noqulayliklar uchun uzr soʻraydi.