Past polli Cobus 3000 avtobusi kompaniyaning eng katta modelidir. Avtobusning uzunligi deyarli 14 metr va eni 3 metr boʻlib, 10 oʻtirgan va 94 tik turgan holda — 104 yoʻlovchini sigʻdira oladi. Ushbu model polni koʻtarish va tushirish uchun pnevmatik tizim bilan jihozlangan. Yoʻlovchilarni olish va tushirishdan oldin avtobus polini pastga tushirish yoki koʻtarish mumkin. Bu xususiyat chamadonli, bolalar aravachasi bor va nogironligi boʻlgan yoʻlovchilarga avtobusga chiqish va undan tushishni osonlashtiradi.
Taʼkidlash joizki, “Uzbekistan Airports” kompaniyasi maxsus transport parkini yangilash va modernizatsiya qilish boʻyicha tizimli ishlar olib boryapti. Jumladan, aerodrom majmuasini tozalash uchun yangi universal mashinalar, samolyotlarni muzdan tozalash mashinalari, samolyot tashuvchi transport, dvigatellarni yerda ishga tushirish qurilmalari, samolyot saloni uchun havo konditsionerlari va boshqalar xarid qilindi, deb xabar beradi uzbairports.uz.