Toshkent aeroporti yangi samolyot buksirlarini foydalanishga qabul qildi

    “Uzbekistan Airports” Toshkent aeroporti uchun TLD Europe (Fransiya) kompaniyasidan toʻrtta yangi TMX-150-15 aerodrom buksirlarini xarid qildi. Ayni paytda poytaxt aeroportida ushbu turdagi texnikalarning umumiy soni toʻqqiz donaga yetdi.

    Aerodrom buksiri — bu havo kemalarini shatakka olib yurish uchun moʻljallangan ixtisoslashtirilgan yuk mashinasi. Xususan, samolyotlar mazkur transport vositasi yordamida uchish-qoʻnish yoʻlagiga, turish joyiga, terminalga yoki texnik xizmat koʻrsatish uchun angarga yetkaziladi. Buksir yordamida samolyotning perronda aniq joylashishini taʼminlash, aviatsiya yoqilgʻisini tejash va dvigatelning ishlash muddatini uzaytirish, shuningdek, samolyotlarni aeroport ichida harakatlantirishda xavfsizlikni taʼminlashga yordam beradi.

    Taʼkidlash joizki, “Uzbekistan Airports” kompaniyasi maxsus transport parkini yangilash va modernizatsiya qilish boʻyicha tizimli ishlar olib boryapti. Jumladan, aerodrom majmuasini tozalash uchun yangi universal mashinalar, samolyotlarni muzdan tozalash mashinalari, samolyot tashuvchi transport, dvigatellarni yerda ishga tushirish qurilmalari, samolyot saloni uchun havo konditsionerlari va boshqalar xarid qilinyapti, deb xabar beradi kompaniya matbuot xizmati.