Bu haqda Bojxona qoʻmitasi axborot xizmati xabar qildi.
Maʼlum qilinishicha, “Toshkent xalqaro aeroporti” chegara bojxona posti hamda Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan shaxsiy koʻrik davomida shubhali harakat qilgan ikki nafar ayol tekshiruvdan oʻtkazilgan.
Tekshiruv natijasida ular tilla taqinchoqlarni yashirincha olib chiqish maqsadida ichki aʼzolariga berkitib olgani aniqlangan. Ularning biri 252 gramm, ikkinchisi esa 158 gramm ogʻirlikdagi tilla buyumlarni shu tarzda olib chiqishga uringan.
Shuningdek, ayollarning qoʻl sumkalarida ham bojxona nazoratiga taqdim etilmagan 64 gramm ogʻirlikdagi zargarlik buyumlari borligi maʼlum boʻlgan.
Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, musodara qilingan zargarlik buyumlarining umumiy qiymati taxminan 720 mln soʻmni tashkil etadi.
Hozirda ushbu holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.