Bu haqda “UZBEKISTAN AIRPORTS” matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, poytaxt aeroportining uchib kelish va uchib ketish zallari koʻzi ojiz va zaif koʻruvchi shaxslar uchun qulay muhitni tashkil etish uchun tiflotexnik vositalar, barcha toifadagi nogironlar foydalanishi mumkin boʻlgan axborot vositalari (Brayl alifbosi, audioyozuvlar, koʻrish va eshitish qobiliyati zaiflar uchun maxsus vositalar, surdo-tarjimon, maxsus videolar uchun ekran), taktil piktogrammalar va indikatorlar, tovush va taktil mimik diagrammalar, shuningdek, yordam chaqirish tugmalari bilan jihozlanmoqda.
Taktil yer belgilari passiv texnik signalizatsiya vositalari boʻlib, xavfsiz yoʻnalishlarni, ularning boshlangʻich nuqtalarini va yoʻnalishning oʻzgarishini koʻrsatish, shuningdek, koʻrish qobiliyati zaif odamlarni terminallar va uning atrofidagi yoʻnalishlardagi toʻsiqlar va xavfli joylar haqida ogohlantirish uchun qoʻllaniladi. Aeroport terminallariga kirish joylarida yordam chaqirish tugmalari ham oʻrnatiladi – imkoniyati cheklangan yoʻlovchilar yoki qoʻshimcha yordamga muhtojlar yoʻlovchilarga kerakli yordamni koʻrsatish uchun zarur jihozlar (nogironlar aravachasi, zambil va boshqalar) bilan qurollangan aeroport xodimlarini chaqirishlari mumkin boʻladi.