Toshkent arxitektura-qurilish universiteti talabalari tomonidan loyihalashtirilgan mushuk uylari binoning tashqi koʻrinishi va yashil hudud manzarasiga juda mos tushadi.
“Mushuklar shahar muhitining tabiiy aholisi boʻlib, oʻzlarining ekologik oʻrniga egadirlar. Poytaxt aeroportida doimo mushuklar boʻlgan. Bu jonzotlarning odamlarga foydasi oydin, yoqimli estetikadan tashqari, ular uy sichqonlarini va hatto kalamushlarni yoʻq qiladigan haqiqiy ovchilardir. Bizda ular uchun uylar oʻrnatish gʻoyasi anchadan beri bor edi, biroq aeroportda bir necha yillardan buyon olib borilayotgan qurilish ishlari tufayli bunday imkoniyat endigina paydo boʻldi. «Mushukkent” loyihasi va Toshkent arxitektura-qurilish universiteti talabalari bilan birgalikda uylar uchun uychalar loyihasini ishlab chiqdik va ularni aeroport faoliyati uchun ham, hayvonlarning oʻzlari uchun ham xavfsiz boʻlgan joylarga oʻrnatdik», — deya izoh berdi “Uzbekistan Airports” matbuot xizmati.
Tashqi koʻrinishga qoʻshimcha ravishda, dizayn jarayonida uylar yigʻilgan materiallarga katta eʼtibor berildi — yemirilishga chidamli, yonmaydigan va ayni paytda ekologik toza. Sovuq mavsumda isitish va issiqda shamollatish tizimlari ham oʻylangan.
“Uzbekistan Airports uchun, birinchi navbatda, bu kompaniya va uning xodimlarining hayvonlarga boʻlgan munosabatini koʻrsatadigan ijtimoiy loyihadir. Mamlakat hawidagi tasavvur aeroportdan boshlanadi va mushuklar uchun uychalar nafaqat bir kompaniya miqyosida, balki butun shahar va mamlakatning munosabati koʻrsatkichidir. Biz ushbu ajoyib tashabbusni qoʻllab-quvvatlaganimizdan va mamlakatdagi hayvonlarni himoya qilish tashkilotlari tomonidan amalga oshirilayotgan tadbirlarga oʻz hissamizni qoʻshayotganimizdan juda mamnunmiz”, — deya qoʻshimcha qildi kompaniya matbuot xizmati.
“Mushukkent” loyihasi 2019-yilda boshlangan boʻlib, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi, Oʻzbekiston Milliy gvardiyasi hamda boshqa davlat idoralari hamda nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan qoʻllab-quvvatlangan. Loyihaning asosiy maqsadlari jamiyatda hayvonlarga nisbatan insonparvar munosabatni targʻib qilish, shaharda mushuklar uchun uylar oʻrnatish, koʻcha mushuklari sonini nazorat qilish, hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda boʻlganlik uchun jazoni kuchaytirishdan iborat.