Bu haqda Bojxona qoʻmitasi maʼlum qildi.
Maʼlum qilinishicha, Vyetnamning Kamran shahridan uchib kelgan yoʻlovchilardan birining yuklari orasida tegishli ruxsatnomalarga ega boʻlmagan 12 bosh qush borligi aniqlandi.
Achinarlisi, meva qutisi orasiga yashirilgan, saqlash va tashish qoidalariga rioya qilinmagan tarzda olib kelingan sariq va oq boʻyinli butaqushlarning hozirgi holatini mutaxassislar salbiy baholamoqda. Hatto, qushlardan 3 boshi allaqachon nobud boʻlgan.
Sariq va oq boʻyinli butaqushlar asosan Janubiy va Sharqiy Osiyoda yashaydi va zaif tur hisoblanadi. Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra qushlarning umumiy qiymati taxminan 60 mln soʻmdan oshmoqda.
Hozirda holat yuzasidan tekshiruvlar davom ettirilmoqda.
Muhim eslatma:
Oʻzbekiston Respublikasi Qizil kitobga kiritilmagan yovvoyi hayvonlarni, ularning qismlarini, shuningdek yashash faoliyati mahsulotlarini olib kirish va chetga olib chiqish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligining ruxsatnomasi talab etiladi. Bunda arizachilar tomonidan hayvonning qonuniy sotib olinganligini yoki tutilganligini tasdiqlovchi hujjat taqdim etilishi lozim boʻladi.
Shuningdek, jonzotlarning sogʻlom yoki kasallikka chalinganligi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi xulosasi boʻlishi talab etiladi.