Toshkent aeroportida yangi yuk terminali quriladi

    “Toshkent” xalqaro aeroportida yiliga qariyb 120 ming tonna yuk oʻtkazish quvvatiga ega yangi majmua 5,2 gektar maydonda joylashtiriladi.

    Ayni paytda qurilishi ikki bosqichda amalga oshiriladigan yuk terminalini loyihalash ishlari yakunlandi.

    Birinchi bosqichda joriy yil oxiriga qadar umumiy maydoni 8 ming kv.m boʻlgan yangi yuk terminali, jumladan maʼlum bir harorat rejimini saqlashni talab qiladigan yuklar uchun 500 kv.m maydonda muzlatkich kameralari foydalanishga topshiriladi.

    Shuningdek, import/eksport qiluvchi kompaniyalar xodimlari va vakillari uchun maydoni 3000 kv.m boʻlgan yangi maʼmuriy bino quriladi.

    Ikkinchi bosqichda 2025-yil oxiriga qadar 12 ming kv.m maydonga ega yangi yuk omborini qurish va foydalanishga topshirish, shu jumladan umumiy maydoni 1000 kv.m. boʻlgan har xil harorat sharoitlariga ega yangi zamonaviy sovitish va muzlatish xonalarini qurish rejalashtirilgan.

    «Hozirda 1994-2000-yillarda qurilgan yuk terminali umumiy maydoni 3 gektarga yaqin boʻlgan 20 ga yaqin eskirgan kichik va oʻrta ombor va maʼmuriy binolardan iborat.

    Yuk terminalining oʻtkazish quvvati hozirda yiliga 30 ming tonnani tashkil etadi. Biroq 2024-yilda taxminan 67 ming tonna yuk va pochta joʻnatmalari kutilmoqda. Bularning barchasi yuk terminalini kengaytirish va modernizatsiya qilish zaruratidan dalolat beradi.

    Yangi terminal zamonaviy uskunalar bilan jihozlanadi, bu esa yuklarga ishlov berish vaqtini qisqartiradi va havo tashuvchilarga umumeʼtirof etilgan xalqaro standartlarga muvofiq sifatli xizmat koʻrsatishni taʼminlaydi», — deya taʼkidladi “Uzbekistan Airports Cargo” MCHJ masʼul xodimi.

    Yangi inshoot qurilishi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi “Fuqarolik aviatsiyasi korxonalarini transformatsiya qilish va qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5100-son qarorining tegishli bandi ijrosi doirasida amalga oshirilmoqda.