Bu haqda Energetika vazirligi maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, Prezidentning 24-noyabr kuni qabul qilingan PF–229-son farmoniga muvofiq, Toshkent shahri va unga yaqin hududlarda joylashgan issiqxona xoʻjaliklarini tabiiy gaz bilan taʼminlash boʻyicha shartnomalar tuzish jarayoni yoʻlga qoʻyildi.
Mazkur topshiriq asosida “Hududgaztaʼminot” AJ tomonidan xoʻjaliklar bilan uch tomonlama shartnomalar rasmiylashtirilmoqda.
Hozirgacha Davlat xizmatlari markazlariga murojaat qilgan 68 ta issiqxona xoʻjaligi bilan (jami 173,1 gektar maydon) tabiiy gaz yetkazib berishga oid shartnomalar tuzilgan va gaz taʼminoti boshlangan.
Shuningdek, Zangiota tumanidagi 34 ta hamda Qibray tumanidagi 66 ta issiqxona xoʻjaligi bilan issiqlik energiyasi yetkazib berish boʻyicha kelishuvlar amalga oshirilgan. Hozirda ushbu issiqxonalarga belgilangan tartibda issiqlik energiyasi yetkazilmoqda.
Tabiiy gaz tarmogʻiga ulangan barcha issiqxona obyektlari “zangori yoqilgʻi” bilan uzluksiz va meʼyor doirasida taʼminlanayotgani bildirildi.








