Toshkent axborot texnologiyalari texnikumi negizida Toshkent Puchon universitetining Axborot texnologiyalari fakulteti tashkil etiladi

    Ta'lim 19 Avgust 2022 2306

    Joriy yil 18-avgustda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov Janubiy Koreyaning Puchon universiteti rektori Xan Jong Sok bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Uchrashuvda taʼlim, AKT sohasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida atroflicha fikrlar almashildi. Jumladan, AKT vazirligi bilan hamkorlik qilgan holda taʼlim sifatini taʼminlash, yuqori malakali IT mutaxassislarni tayyorlash, korxona va tashkilotlar bilan universitet oʻrtasidagi sheriklik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

    Shuningdek, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Janubiy Koreyaning Puchon universiteti va Toshkent Puchon universiteti rahbariyati bilan Toshkent axborot texnologiyalari texnikumi negizida Toshkent Puchon universitetining Axborot texnologiyalari fakulteti faoliyatini tashkil etish boʻyicha Anglashuv memorandumi imzolandi.

    Uchrashuv davomida IT kadrlarni tayyorlashda koreyalik mutaxassislar bilan birgalikda ish olib borish, ularni Oʻzbekistonga jalb etish, IT autsorsing yoʻnalishini rivojlantirish masalalari ham koʻrib chiqildi.

    Maʼlumot uchun:

    Toshkent shahridagi Puchon universiteti Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 2-iyuldagi 3821-sonli Farmoniga asosan Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi va Puchon universiteti (Koreya Respublikasi) tashabbusi bilan tashkil etilgan.

    Universitetda taʼlim olish Puchon universitetining (Koreya Respublikasi) oʻquv rejalari va dasturlariga muvofiq Oʻzbekiston qonunchiligi talablarini inobatga olgan holda oʻzbek, rus va ingliz tillarida amalga oshiriladi, deb xabar berdi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati.