Toshkent davlat pedagogika universitetida xalqaro matematika olimpiadasi o'tkazildi

    Xalqaro olimpiada Leonard Eyler nomidagi matematikani qoʻllash-quvvatlash xalqaro jamgʻarmasining rasmiy murojaati asosida Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida tashkil qilindi.

    Umumtaʼlim maktablari va akademik litsey oʻquvchilari oʻrtasida “Hamjihatlik formulasi/Uchinchi mingyillik” xalqaro matematika olimpiadasining yakuniy bosqichi oʻtkazildi.

    U Leonard Eyler nomidagi matematikani qoʻllash-quvvatlash xalqaro jamgʻarmasining rasmiy murojaati asosida Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida tashkil qilindi.

    Olimpiadada oʻzbekistonlik 32 nafar eng iqtidorli oʻquvchi qatnashdi. Final bosqichi qatnashchilari orasida xalqaro matematika olimpiadasi va xalqaro matematika musobaqasida ishtirok etgan terma jamoa aʼzolari ham bor.

    Musobaqa ikki bosqichdan iborat. Birinchi — saralash bosqichi masofaviy shaklda oʻtkaziladi. Yakuniy (final) bosqich hududiy maydonchalarda tashkil etildi. Bu yil olimpiadaning saralash bosqichida 30 davlatdan 5000 ga yaqin oʻquvchi qatnashib, eng yuqori ball olganlar yakuniy bosqichga taklif qilingan.

    Har bosqichda 6 tadan masala taqdim etildi. Har bir masala maksimal 7 ball (jami 42 ball) bilan baholanadi. Masalalar murakkabligi darajasi yuqori boʻlib, ular algebra, sonlar nazariyasi, geometriya, kombinatorika boʻlimlariga oid.

    Olimpiadaning rasmiy tili — ingliz va rus tillari. Tashkiliy qoʻmita tomonidan tayyorlangan nazorat materiallari va baholash mezonlari barcha mahalliy koordinatorlarga oʻzlarining davlat tillariga tarjima qilish uchun taqdim etildi.

    Ushbu xalqaro olimpiada birinchi marta 2001-yilda oʻtkazilgan. Oʻzbekiston oʻquvchilari ilk marta 2016-yili qatnashgan. Shu davrda bir nechta kumush va bronza medalga sazovor boʻlgan. Olimpiada xalqaro matematika olimpiadasi va xalqaro matematika musobaqasiga saralash va tayyorlashda muhim rol oʻynaydi.