Talaba yoshlarga Yoshlar parlamenti raisi Bexzod Toʻxtamurodov hamrohlik qilib, Senatning faoliyati, qonunchilikdagi yangiliklar va parlament nazorati doirasidagi muhim masalalar haqida batafsil maʼlumot berdi.
Shuningdek, talabalarga Yoshlar parlamentining maqsad-vazifalari, faoliyati va tashkiliy tuzilmasi hamda unga aʼzo boʻlish tartibi yuzasidan tushuntirishlar berib oʻtildi.
Yoshlar bilan suhbat davomida ularning parlament yuqori palatasi faoliyati boʻyicha qiziqtirgan savollariga javob berilib, oʻzaro fikr almashildi. Talabalarning Yoshlar parlamenti bilan hamkorlik qilish borasidagi takliflari eshitildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.
Uchrashuvdan soʻng talaba yoshlar Senat binosi va faoliyati bilan tanishdi.