Maʼlumot uchun, Yevropa Kardiologlar Jamiyati bosh ofisi Fransiyaning Sofiya Antipolis shahrida joylashgan.
Jamiyat prezidenti professor Tomas F. Lyuscher kongressni ochib berib, oʻz nutqida shunday dedi:
— 1949-yilda Yevropada kardiovaskulyar sohada yangi bilimlar va amaliy yutuqlarni almashish uchun yagona platformaga ehtiyoj sezilgan. Shu bois 1950-yilda 14 ta Yevropa davlatlari birlashib, ushbu jamiyatga asos solgan. Bugunga kelib esa, u 100 mingdan ortiq aʼzoga ega katta ilmiy oilaga aylandi va safimiz yildan yilga kengayib bormoqda.»
Bugungi kunda jamiyat dunyo miqyosida eng nufuzli ilmiy platformalardan biri sifatida tan olingan.
Diqqatga sazovor jihati shundaki, bu yilgi kongressda Toshkent davlat tibbiyot universitetining yosh olimlari faol ishtirok etishdi. Turli ilmiy yoʻnalishlarda taqdimotlar universitetimiz olimlarining jahon hamjamiyatiga qoʻshilayotgan hissasidan dalolat beradi.
Ayniqsa, TDTU 1-klinikasi qon-tomir boʻlimi shifokor-kardiologi, tibbiyot fanlari nomzodi (PhD) Boboyev Behzod Moʻminjon oʻgʻlining chiqishi alohida eʼtirof etildi. Uning “Koronar ateroskleroz” mavzusidagi maʼruzasi xalqaro ekspertlar tomonidan katta qiziqish va maqtov bilan qabul qilindi.
Jahon miqyosida yosh olimimizning ilmiy ishlari eʼtirof etilishi – bu Oʻzbekiston tibbiyotining qanday rivojlanib borayotganidan yaqqol dalolatdir.
Soʻnggi yillarda Toshkent davlat tibbiyot universiteti dunyoning koʻplab yetakchi ilmiy markazlari va klinikalari bilan mustahkam hamkorlikni yoʻlga qoʻydi. Yosh olimlar uchun xorijiy stajirovkalar, qoʻshma tadqiqotlar va xalqaro anjumanlarda ishtirok etish imkoniyatlari tobora kengaymoqda. Bu esa, tabiiyki, mamlakatimiz tibbiyot maktabining yangi bosqichga koʻtarilishiga xizmat qilmoqda.
Albatta, bunday yutuqlar ortida Prezidentimiz tomonidan yaratilayotgan shart-sharoitlar, ilm-fan rivojiga qaratilgan eʼtibor va ishonchning oʻrni beqiyosdir. Yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar bizni yanada masʼuliyatli boʻlishga undaydi.
Shu oʻrinda qahramonimiz – tibbiyot fanlari nomzodi Boboyev Behzod Moʻminjon oʻgʻliga kelgusi ishlarida ulkan yutuqlar tilaymiz. Ishonamizki, u va uning safdoshlari boʻlmish yosh olimlar xalqimiz salomatligi yoʻlida sidqidildan xizmat qilishda davom etadi.
Yosh olimlarimizning har bir muvaffaqiyati – bu Oʻzbekistonning, Yangi Oʻzbekistonning yorqin kelajagi sari tashlangan dadil qadamdir
Gulchehra Mirzayeva,
TDTU matbuot kotibi.











