Toshkent davlat tibbiyot universiteti tashkil etiladi

    “Tibbiyot sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident Qarori (PQ-149-son, 22.04.2025-y.) qabul qilindi.

    Qarorga koʻra:

    — Toshkent tibbiyot akademiyasi, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti va Toshkent davlat stomatologiya instituti negizida Toshkent davlat tibbiyot universiteti tashkil etiladi;
    — Toshkent tibbiyot akademiyasining markaziy ilmiy-tekshirish laboratoriyasi negizida Tibbiyot ilmiy-innovatsion tadqiqot instituti faoliyati yoʻlga qoʻyiladi;
    — Toshkent tibbiyot akademiyasining Urganch filiali Urganch davlat tibbiyot instituti etib qayta tashkil etiladi;
    — Toshkent tibbiyot akademiyasining koʻp tarmoqli klinikasi, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasi va Toshkent davlat stomatologiya instituti klinikasi Toshkent davlat tibbiyot universiteti klinikalari etib qayta nomlanadi;
    — Toshkent tibbiyot akademiyasining Termiz va Chirchiq filiallari Toshkent davlat tibbiyot universitetining Termiz va Chirchiq filiallari etib qayta nomlanadi;
    — Toshkent tibbiyot akademiyasi akademik litseyi, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti akademik litseyi va Toshkent davlat stomatologiya instituti akademik litseyi Toshkent davlat tibbiyot universitetining 1-, 2- va 3-son akademik litseylari etib qayta nomlanadi.

    Taʼlim dasturlarini xalqaro tibbiy taʼlim standartlariga muvofiqlashtirib, kompetensiyalarga asoslangan tibbiy taʼlim dasturlarini joriy etish Universitetning asosiy vazifalari va faoliyati yoʻnalishlaridan biri etib belgilandi.