Toshkent davlat tibbiyot universitetida Qozogʻiston tibbiyoti kunlari boʻlib oʻtmoqda

    2025-yilning 15–18-oktyabr kunlari Toshkent davlat tibbiyot universitetida “Qozogʻiston tibbiyoti kunlari” hamda “Oʻzbekiston–Qozogʻiston tibbiyot yoshlarining doʻstlik haftaligi” tadbirlari oʻtkazilmoqda.

    Xalqaro anjumanlar Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi koʻmagida tashkil etildi. Uning maqsadi ikki davlat oʻrtasida tibbiy, ilmiy va madaniy aloqalarni mustahkamlash, yoshlar doʻstligini yanada rivojlantirish hamda ilmiy integratsiyaga xizmat qilishdan iborat.

    Tadbir dasturida jarrohlik va stomatologiya yoʻnalishlari boʻyicha xalqaro olimpiadalar, shuningdek shaxmat, tennis va yugurish boʻyicha sport turnirlari tashkil etildi. Bu musobaqalar yoshlar oʻrtasida sogʻlom raqobat muhitini shakllantirish bilan birga, ularning oʻzaro doʻstona aloqalarini kuchaytirishga ham xizmat qildi.

    “Qozogʻiston – Oʻzbekiston: sogʻliqni saqlash, texnologiya va kadrlar sohasida hamkorlik” mavzusidagi xalqaro forumda sogʻliqni saqlash tizimidagi innovatsion tajribalar, tibbiyot taʼlimida modernizatsiya jarayonlari, kadrlar tayyorlash sifati hamda yosh olimlar tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash masalalari muhokama etildi. Forum natijasida qoʻshma ilmiy loyihalar va akademik almashinuv dasturlarini amalga oshirish rejalari belgilab olindi.

    Shuningdek, TDTU talabalari Qozogʻistonning yetakchi tibbiyot oliygohlari rahbarlari bilan ochiq muloqot qilish imkoniyatiga ega boʻldilar. Jumladan, Asfendiyarov nomidagi Qozogʻiston milliy tibbiyot universiteti rektori Marat Shoranov, Qaragʻanda tibbiyot universiteti rektori Baxit Kosherova, Semey tibbiyot universiteti rektori Altay Dyusupov, Gʻarbiy Qozogʻiston tibbiyot universiteti prorektori Nurgul Abenova oʻz tajribalari, tibbiyot taʼlimidagi islohotlar, ayollar ilmidagi innovatsiyalar va shifokorlik kasbining insonparvarlik mohiyati haqida nutq soʻzladilar.

    Qaragʻanda tibbiyot universiteti rektori Baxit Kosherova quyidagicha taʼkidladi:

    — Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasidagi doʻstlik va hamkorlik qadimdan mavjud. Jumladan, tibbiyot va taʼlim sohasida ham aloqalarimiz keng yoʻlga qoʻyilgan. Universitetlar oʻzaro shartnomalar asosida tadqiqotlar olib boradi, talabalar tajriba almashadi. Bu kelajakda tibbiyotda yangi innovatsiyalarni tatbiq etish va bemorlar salomatligini mustahkamlash uchun muhim ahamiyatga ega.

    Haftalik doirasida talabalar oʻrtasida jarrohlik va stomatologiya boʻyicha olimpiadalar, sport tadbirlari, fan olimpiadalari, ilmiy-amaliy konferensiyalar, mahorat darslari va davra suhbatlari oʻtkazildi. Rektorlar “Taʼlimda yetakchilik”, “Ayollar ilmida innovatsiyalar”, “Tibbiyot kelajagi bizda” kabi mavzularda maʼruzalar oʻqib, yoshlarga ilhom bagʻishladilar.

    Forum qatnashchilari TDTUning smart simulyatsiya markazidagi zamonaviy tibbiyot uskunalari bilan tanishdilar. Shu bilan birga, ikki davlat oliygohlari oʻrtasida yangi hamkorlik bitimlari imzolandi, yosh olimlarning ilmiy loyihalar koʻrgazmasi namoyish etildi.

    Qozogʻiston delegatsiyasi Toshkentning madaniy va tarixiy joylariga tashrif buyurib, Asfendiyarov nomidagi memorial majmua bilan ham tanishdi. Bu tashriflar ikki xalq oʻrtasidagi madaniy yaqinlik va tarixiy rishtalarni yanada mustahkamladi.

    Shuningdek, TDTU rektori Shuhrat Boymuradov ham qator xalqaro forumlarda ishtirok etdi. Uning soʻzlariga koʻra, mazkur tadbirlar ikki davlat talabalari va ustozlari uchun tajriba almashish, ilmiy hamkorlik va madaniy muloqot maydoniga aylandi.

    Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, “Qozogʻiston tibbiyoti kunlari” nafaqat ilmiy-amaliy jihatdan, balki maʼnaviy-maʼrifiy va doʻstona ruhda oʻtgan muhim xalqaro tadbir boʻldi. U kelajakda tibbiyot sohasi mutaxassislari, olimlar va talabalari uchun bilim, tajriba hamda insoniy qadriyatlar almashishda muhim koʻprik vazifasini oʻtaydi.

    Toshkent davlat tibbiyot universiteti mezbonlik qilgan mazkur anjuman, shubhasiz, ikki qardosh davlat tibbiy hamkorligi tarixida muhim sahifa boʻlib qoladi.

    Zulxumor AKBAROVA

    Hamkorlik materiali