Toshkent davlat transport universitetida “Vazir kubogi” kurash musobaqasi gʻoliblari taqdirlandi

    “Oʻzbek sporti” brendi nomi bilan kurashning jahon arenasidagi rolini oshirish, yoshlarning milliy sportimizga boʻlgan qiziqishini qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish, ayniqsa yoshlarning mazkur sport turi bilan shugʻullanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida bir qancha chorna-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

    2020-yil 4-noyabr kuni Prezidentimizning “Kurash milliy sport turini rivojlantirish va uning xalqaro nufuzini yana-da oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilingan edi.

    Mazkur qarorda 2021-yildan boshlab, har ikki yilda bir marta kurash boʻyicha oliy taʼlim muassasalari talabalari oʻrtasida xalqaro musobaqa oʻtkazilishi belgilangan.

    Oliy taʼlim muassasalari talabalarini kurash boʻyicha xalqaro musobaqalarga tayyorlash maqsadida shu yil fevral oyidan yurtimizdagi oliy taʼlim muassasalarida kurash boʻyicha “Rektor kubogi” musobaqalari oʻtkazildi. Unda 3000 mingdan ortiq talabalar ishtirok etdi.

    “Rektor kubogi” gʻolib va sovrindorlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri saralash bahslarida ishtirok etib, “Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri kubogi” respublika bosqichiga yoʻllanmani qoʻlga kiritishdi.

    31-mart kuni Toshkent davlat transport universitetida oliy taʼlim muassasalari talabalari oʻrtasida kurash boʻyicha ilk marotaba “Vazir kubogi” musobaqasiga start berildi.

    Musobaqada Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan jami 15 jamoa ishtirok etdi. 8 vaznda qizlar, 7 vaznda yigitlar oʻrtasida, jami 15 vaznda boʻlib oʻtgan musobaqalarda 220 nafar kurashchi-talabalar bahsga kirishdi.

    Bugun Toshkent davlat transport universiteti kurash musobaqalarining gʻolib va sovrindorlarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.

    Final bosqichi gʻolibi va sovrindorlarini taqdirlash marosimida Oliy va oʻrta maxsus taʼlimi vaziri Abduqodir Toshqulov ishtirok etdi va talaba yoshlarni qutladi.

    Uch kunlik bahslar yakuniga koʻra medallar jamgʻarish boʻyicha umumjamoa hisobida Surxondaryo viloyati talabalari birinchi oʻrinni egalladi va kubokni qoʻlga kiritdi.

    Dilshod Rahmatov,

    Toshkent davlat transport universiteti matbuot kotibi