Bolajonlar “Sadaf” toʻyxonasiga chaqirildi. Bayram dasturxoni yozilib, homiylarning sovgʻa-salomlari ulashildi. El suygan xonandalar ishtirokida konsert dasturi tashkil etildi. Universitetning maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Sherzod Poʻlatov koʻmagi bilan talabalar turli ertak-qahramonlari obraziga kirib, sahna koʻrinishlari namoyish etdi. Bolajonlar bilan raqsga tushdi.
Tadbirda soʻzga chiqqan universitetning yoshlar masalasi boʻyicha prorektori Axrorxon Hoshimxonov ishtirokchilarga samimiy tilaklar bildirdi. Talabalarning ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarga yordam berayotganini eʼtirof etib, unversitet rahbariyati va jamoasi bu borada har qanday yordam berishga tayyorligini taʼkidladi. 15-Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchisi Durdona Ergashova yuridik unversiteti jamoasiga minnatdorlik bildirdi.
– Biz odatda bayram kunlari oʻzimizni yolgʻiz his etamiz. Bugun universitet ustozlari va talabalari bizni yolgʻizlatmadi. Akamiz oʻrnida aka, opamiz oʻrnida opa, ota-onamiz oʻrnida mehr bergan ustozlarga va akalarimga tashakkur aytaman. Mana 5 yildirki bu universitet yangi yilda ham boshqa bayramlarda ham issiq-sovugʻimizdan xabar oladi. Bayram kunlari shaharga chaqirib oʻynatib turishlari bizga judayam yoqadi, – deydi D. Ergasheva.
Bayram yakunida tashrif buyurgan 200 nafar bolajonlarga homiy ustozlar va talabalarning sovgʻa salomi ulashildi. Taʼkidlash joizki, universitetda kontrakt toʻlashga qiynalgan talabalar komissiya tomonidan (sharoiti va hujjatlari) oʻrganilib ularning kontraktini toʻlanishida yordam berib kelinmoqda. Bu kabi xayriya tadbirlar inson qadriga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Shermuhammad Dehqonov,
Toshkent Davlat yuridik universiteti talabasi