Toshkent deklaratsiyasi qabul qilindi

    “Dengizga chiqish imkoni boʻlmagan rivojlanayotgan davlatlarning agrosanoat tizimini barqaror isloh qilish toʻgʻrisida”gi Toshkent deklaratsiyasi qabul qilindi.

    Bugun butun dunyo hamjamiyatining nigohi “Dengizga chiqish imkoni boʻlmagan rivojlanayotgan davlatlar oziq-ovqat xavfsizligi va barqaror rivojlanish maqsadlari” mavzusidagi xalqaro forumga qaratildi desak mubolagʻa boʻlmaydi.

    Erta tongdan qizgʻin muhokamalar bilan boshlangan xalqaro forum kunning ikkinchi yarmida nafaqat mamlakatimiz, balki butun dunyo agrar sohasiga molik mavzularni oʻz ichiga olgan tematik sessiyalar koʻrinishida davom etdi.

    Shuningdek, forum doirasida Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti(FAO) Bosh direktori Suy Dunyuy bilan oʻzaro muloqoti ham boʻlib oʻtdi.

    Taʼbir joizki, rivojlanayotgan davlatlar uchun ustuvor maqsadlardan biri dengiz orqali savdo barqarorligini taʼminlash, xalqaro logistika tarmogʻini izchil yoʻlga qoʻyish va uzoq mintaqadagi davlatlar bilan savdo aloqalarini yaxshilashdan iborat ekan, shularni inobatga olgan holda, bugun, koʻplab mamlakatlar ayni yoʻnalishda tizimli, rejaga asoslangan, shuningdek koʻp tarmoqli natijaga yoʻnaltirilgan investitsion loyihalarga bugun har qachongidanda koʻproq eʼtibor qaratilmoqda. Chunki bular, mamlakat iqtisodi uchun birlamchi koʻriladigan masalalar sirasiga kiradi. Mazkur forum, shu kabi istiqbolli manfaatlar uchun xizmat qiladi.

    Forum dastlabki kunining yakuni oʻlaroq, FAO va Oʻzbekiston hukumati tomonidan “Dengizga chiqish imkoni boʻlmagan rivojlanayotgan davlatlarning agrosanoat tizimini barqaror isloh qilish toʻgʻrisida”gi Toshkent deklaratsiya qabul qilindi.

    Qabul qilingan deklaratsiya xalqaro hamda ilmiy tashkilotlar, shuningdek moliya institutlari vakillari ishtirokida oʻtgan xalqaro forum yakunlari yuzasidan erishilgan kelishuvlarni mustahkamlaydi.

    Tadbirda soʻzga chiqqan BMT Bosh kotibi oʻrinbosari Rabab Fatima, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti(FAO) rahbari Suy Dunyuy hamda Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov ishtirokchilarni mazkur Toshkent deklaratsiyasini qabul qilinganligi bilan qutlar ekan, uning ahamiyati rivojlanayotgan davlatlar qishloq xoʻjaligi taraqqiyotida tutadigan oʻrni haqida oʻz fikrlarini bildirishdi.

    Shuningdek, Toshkent deklaratsiyasida oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, xususan dengizga chiqish yoʻli boʻlmagan mamlakatlarga bu borada koʻmaklishishga qaratilgan bir qancha aniq chora-tadbirlar belgilab qoʻyilgan.