Toshkent metropolitenining Sergeli yoʻnalishini barpo etish boʻyicha ishlar 2017-yilda boshlangan boʻlib, mazkur yoʻnalish 5 ta bekatdan iborat. Umumiy uzunligi 6,2 kilometr boʻlgan mazkur yer usti metrosi orqali yoʻlovchilar “Buyuk ipak yoʻli” bekatidan toʻgʻridan-toʻgʻri Sergeliga bora oladilar. Ushbu yoʻnalish bir kunda qariyb 35 ming yoʻlovchiga xizmat koʻrsatishga moʻljallangan.

Ayni kunlarda, poytaxt elektr tarmoqlari korxonasi mutaxassislari ishtirokida Sergeli tumanining Halqa yoʻlidagi Qoʻyliq-1 mavzesida yangi barpo etilgan yer usti metrosi atrofida muhofaza zonasiga tushgan “Teplichnыy” podstansiyasidan chiquvchi fidr Titan-1, Titan-2 uzatmasidan taʼminlanuvchi quvvati 10 kV boʻlgan yuqori kuchlanishli havo elektr uzatish tarmoqlarini boshqa joyga koʻchirish (demontaj) ishlari olib borilyapti.

Bundan tashqari, soha xodimlari tomonidan ertayu kech Toshkent yer usti metrosining Sergeli yoʻnalishi boʻyicha 24 kilometrdan ortiq yer osti kabel tarmoqlari yangisiga almashtirilib foydalanishga shay holatga keltirildi.

Eslatib oʻtamiz, “Teplichnыy” podstansiyasidan chiquvchi fidr Titan-1, Titan-2 uzatmasidan taʼminlanuvchi quvvati 10 kV boʻlgan TP-3929-sonli transformator podstansiyasi orqali hududdagi “Qoʻshqoʻrgʻon” hamda “Asrobod” MFYlaridagi aholi hamda tadbirkorlik subyektlari elektr energiyasi bilan taʼminlanadi.

“Toshkent shahar elektr tarmoqlari korxonasi” AJ hamda uning tasarrufidagi barcha tuman elektr taʼminoti korxonalarida aholi turmush tarzini yana-da yaxshilashga qaratilgan bu kabi saʼy-harakatlar tizimli, belgilangan rejalarga muvofiq bajarib kelyapti, deb xabar beradi “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ matbuot xizmati “Toshkent shahar YETK” AJ maʼlumotiga tayanib.