Toshkent viloyatining Qibray tumanida faoliyat yurituvchi MCHJ rahbari Parkent tumanidagi chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xoʻjalik rahbari bilan oʻzaro til biriktirib, mazkur fermer xoʻjalikka tegishli 42,5 gektar yer maydonini xaridorga goʻyoki 51 gektar ekanligini aytib, uni 580 ming AQSH dollariga sotishga kelishishadi.
Ammo ular oldindan 550 ming AQSH dollari olgan vaqtlarida Davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
DXX va IJQKD xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda Nurafshon shahrida yashovchi, 1968-y.t. shaxs oʻzining turmush oʻrtogʻiga Oʻrtachirchiq tumani hududidan obodonlashtirish va bogʻ barpo etish uchun ajratib berilgan 3,64 gektar yer maydonining 2 gektarini 1971-y.t. tanishi bilan kelishgan holda, xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 560 ming AQSH dollari talab qilib, oldindan 60 mingAQSH dollari olgan vaqtlarida ularning noqonuniy harakatlariga chek qoʻyildi.
Fargʻona viloyatida kuzatilgan holatda esa, Dangʻara tumanida yashovchi, 1985-y.t., muqaddam sudlangan fuqaro 2017-yilda tuman hokimligi tomonidan bogʻdorchilik yoʻnalishida foydalanish uchun oʻziga ajratib berilgan 1,3 gektar yer maydonida issiqxona qurishga ruxsat olinganligi haqida yolgʻon gapirib, 410 ming AQSH dollari evaziga uni xaridor nomiga rasmiylashtirib berishini aytadi.
Ammo, u soʻralgan pul mablagʻidan 35 ming AQSH dollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan qoʻlga olindi.
Qoʻqon shahrida qayd etilgan holatda, 1991-y.t. fuqaro tadbirkorning ishonchiga kirib, shahar hokimligi zaxirasida boʻlgan 5 sotix yer maydonini goʻyoki oʻziga tegishli ekanligi aytib, uning nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 50 ming AQSH dollari talab qiladi.
Lekin, u soʻralgan pul mablagʻidan avans sifatida 20 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.
Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, uning sherigi boʻlgan – 1956-y.t. shaxs hokimiyat tizimida ishlovchi tanishlari yordamida ushbu yer maydoni boʻyicha tegishli hujjatlarni tayyorlatib berish evaziga 5 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Andijon viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departament bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda Andijon shahrida yashovchi, 1981-y.t. fuqaro shahar hududidagi “Boʻston” yoshlar kichik zonasida joylashgan 10 sotix yer maydonini mansabdor tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 46 ming AQSH dollari talab qilib, oldindan 25 ming AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.