Toshkent Fitch Ratings’dan BB-xalqaro kredit reytingini oldi

    2025-yil 25-aprelda Fitch Ratings xalqaro reyting agentligi Toshkent shahriga “Barqaror” prognozi hamda BB- darajasidagi uzoq muddatli kredit reytingini berdi.

    Bu agentlik bilan hamkorlik qayta tiklanganidan soʻng poytaxtning ilk mustaqil xalqaro reytingidir.

    Berilgan reyting Toshkent shahrining moliyaviy holati mustahkamligi va asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlarning barqarorligini aks ettiradi. Fitch Ratings oʻz tahlilida shaharning qarz yuki boshqariladigan darajada qolayotganini, daromad bazasining oʻsishi esa ijobiy rivojlanish koʻrsatayotganini taʼkidlaydi. Bu esa moliyaviy masʼuliyat va boshqaruv samaradorligining yuqori darajasidan dalolat beradi.

    Toshkent mintaqa shaharlari orasida

    Oʻzbekiston poytaxti xalqaro reytingda xuddi shu darajadagi shaharlar qatoriga qoʻshildi, jumladan:

    • Istanbul, Anqara va Turkiyaning boshqa kabi yirik shaharlari — 2024-yil sentyabr oyidan boshlab BB- reytingiga ega;
    • Amman (Iordaniya) — mamlakatning BB- darajasidagi suveren reytingini aks ettiradi;
    • Yerevan (Armaniston) — 2023-yil avgust oyidan beri BB- reytingiga ega.

    Shunday qilib, Toshkent Markaziy Osiyoda BB- xalqaro reytingini olgan birinchi va yagona shahar boʻldi. Bu uning xalqaro maydondagi mavqeini sezilarli darajada mustahkamlaydi va poytaxtning investitsiyaviy jozibadorligini oshiradi.

    Fitch Ratings reytingining berilishi shaharni yanada rivojlantirish, investitsiyalarni jalb etish va aholining hayot sifatini yaxshilashga qaratilgan strategik loyihalarni amalga oshirish yoʻlidagi muhim qadamdir.