Uchrashuv davomida Universitetni yanada rivojlantirishni belgilab beruvchi qabul qilingan Qarorining mazmun-mohiyati va amaliy ahamiyati atroflicha muhokama qilindi. Universitet gidroenergetika, irrigatsiya, melioratsiya, qishloq xo‘jaligida innovatsion texnika va texnologiyalar, suv tejovchi sug‘orish texnologiyalari, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, geodeziya va geoinformatika, ekologiya va atrof-muhit muhofazasi yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlovchi tayanch oliy ta’lim muassasasi sifatida belgilangani ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan qaror, shuningdek, tegishli tarmoqlar uchun oliy ma’lumotli muhandis kadrlarni tayyorlash, zamonaviy ilmiy-laboratoriya bazasini shakllantirish, ilmiy-innovatsion tadqiqotlarni kengaytirish, bitiruvchilarning respublika va xorijiy oliy ta'lim muassasalarida magistratura va doktorantura dasturlari bo‘yicha tahsil olishlarini tashkil etishning darajasini yaxshilashga qaratilgan.
Universitetni samarali boshqarish tizimini joriy etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov boshchiligida Universitet faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Boshqaruv kengashi tuzilgani ma'lum qilindi.
Qarorga muvofiq Universitetda tashkil etilayotgan Transformatsiya ofisining vazifalari ham muhokama qilindi. Bu bo‘linma Universitetni transformatsiya qilish va kompleks rivojlantirish dasturini amalga oshirish bilan shug‘ullanadi hamda uni 2025-yilga qadar jahondagi oliy ta'lim muassasalari reytingida birinchi 1 000 talik ro‘yxatga kiritish maqsadi sari intiladi. Uning funksiyalariga, shuningdek, Universitet imidjini milliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari, Internet resurslari orqali faol targ‘ib qilish va boshqa vositalar orqali targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazish va reklama qilish, rasmiyatchilikni qisqartirish va «Raqamli Universitet» platformasiga to‘liq o‘tish kiradi.
Yaqin kelajakda Universitetni keng miqyosda kengaytirish rejalashtirilayotgani ta’kidlandi. Xususan, iqtisodiyot tarmoqlari ehtiyojlarini hisobga olgan holda yangi bakalavr va magistratura kurslari ochiladi, yangi tarkibiy bo‘linmalar tashkil qilinadi hamda qo‘shimcha shtat birliklari yaratiladi.
Universitet o‘zini o‘zi boshqarish sohasida keng vakolatlarga ega bo‘lganligi alohida qayd etildi. Muassasa rahbariyati mustaqil ravishda o‘quv rejalari, o‘quv dasturlari, malaka talablarini tasdiqlaydi, ilmiy unvon va ilmiy darajalarni berish, doktoranturada ta’lim davomiyligi o‘qish qiymatini belgilash, shuningdek, boshqa tashkiliy-boshqaruvga oid vazifalarni hal qiladi.
Universitet filiallari – Buxoro tabiiy resurslarni boshqarish instituti va Qarshi irrigatsiya va agrotexnologiyalar instituti negizida tuzilgan ikkita yangi oliy ta’lim muassasaning faoliyatini tashkil etishning amaliy jihatlari ko‘rib chiqildi. Universitet huzurida yangi tashkil etilgan Fundamental va amaliy tadqiqotlar institutini tashkil etish masalalari alohida muhokama qilindi.
Bo‘lib o‘tgan uchrashuv qarorda nazarda tutilgan o‘zgarishlarni amalda joriy etish bo‘yicha ustuvor vazifalarni atroflicha muhokama qilish va ularni hal etish algoritmlarini ishlab chiqish imkonini berdi.
Tadbir davomida universitet rahbariyati, o‘qituvchi va talabalari kelgusida o‘quv jarayonini eng samarali tashkil etish, ilmiy-tadqiqot va amaliyot o‘tkazish bo‘yicha o‘z g‘oya va takliflarini bayon etish imkoniga ega bo‘ldilar. Yuzaga keladigan masalalarni muhokama qilish va hal etish hamda Universitet oldiga qo‘yilgan vazifalarni samarali joriy qilish uchun OTM va mamlakatning asosiy vazirlik va idoralari o‘rtasida doimiy hamkorlik mexanizmini yaratish taklif etildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tshaqi savdo vazirligi matbuot xizmati.