Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutiga traktor sovgʻa qilindi

    Transport 2 Iyul 2020 3431

    Davlatimiz rahbarining 2019-yil 30-iyuldagi “Qishloq xoʻjaligi mashinasozligini jadal rivojlantirish, agrar sektorni qishloq xoʻjaligi texnikalari bilan taʼminlashni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, mamlakatimizda qishloq xoʻjaligi mashinasozligi tarmogʻini yana-da rivojlantirish boʻyicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda.

    Koronavirus pandemiyasi davrida gumanitar yordam koʻrsatish doirasida Belarus Respublikasining Oʻzbekistondagi elchixonasi tomonidan Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutiga Belarusdan maxsus keltirilgan ikkita traktori sovgʻa qilindi.

    Traktorlar Minsk Traktor zavodida ishlab chiqarilgan MTZ-80 universal traktorlaridir. Maqsad — soha oliy oʻquv yurtlarida taʼlim olayotgan talabalarni qoʻllab-quvvatlash, ularga amaliyot oʻtash uchun sharoitlar yaratib berish.

    Tadbir davomida Belarus Respublikasi favqulodda va muxtor elchisi Leonid Marinich hamda TIIIMSX birinchi prorektori Bahodir Mirzayev traktorlarga oʻzlari oʻtirib, traktorni boshqarish boʻyicha master-klass koʻrsatib berdi.