Kecha 28-sentabr esa metropoliten tarixida yana bir muhim va quvonchli natija qayd etildi — bir kun davomida ilk marotaba 1200124 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatildi.

Ushbu tarixiy ko‘rsatkich munosabati bilan “Toshkent metropoliteni” AJ ma’muriyati barcha yo‘lovchilarni samimiy muborakbod etdi.

Mazkur muhim voqea munosabati bilan metropoliten mas’ul xodimlari ishtirokida 1200000-yo‘lovchini aniqlash bo‘yicha maxsus tadbir tashkil etildi.

Tadbir davomida ushbu tarixiy ko‘rsatkichni qayd etgan omadli 1 200 000-yo‘lovchi aniqlandi.

Unga metropoliten jamoasi nomidan esdalik sovg‘asi, shuningdek, bir yil davomida jamoat transportidan bepul foydalanish imkonini beruvchi maxsus transport to‘lov kartasi tantanali ravishda topshirildi.

Bugungi natija — avvalo, Toshkent shahri aholisi va mehmonlarining metropoliten xizmatlariga bo‘lgan ishonchi va talabining ortib borayotganidan dalolatdir.

1,2 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish — Toshkent metropoliteni tarixidagi navbatdagi muhim natija.