Toshkent metropolitenidan foydalanishda pensiya oluvchilarga qoʻshimcha qulayliklar yaratish toʻgʻrisida

    Hujjatlar 15 Mart 2023 3809

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

    Keksalarni qoʻllab-quvvatlash hamda pensiya oluvchilarning hayot faoliyati va turmush darajasini yanada yaxshilash, ularning shahar yoʻlovchi tashish transportidan foydalanishida qoʻshimcha qulayliklar yaratish maqsadida:

    1. Belgilansinki, 2023-yil 1-apreldan boshlab Toshkent metropolitenining toʻliq faoliyat koʻrsatishi vaqti davomida pensiya oluvchilarga bepul xizmat koʻrsatiladi.

    Bunda, Toshkent metropolitenining mazkur bandda koʻrsatilgan xizmatlarni koʻrsatish evaziga olinmay qolgan daromadlari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan qoplab boriladi.

    2. Iqtisodiyot va moliya vazirligi Transport vazirligi bilan birgalikda mazkur qarorning 1-bandida belgilangan tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishini taʼminlasin.

    3. Iqtisodiyot va moliya vazirligi:

    Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan birgalikda ushbu qaror maqsadi va vazifalarini ommaviy axborot vositalarida va Internet tarmogʻida keng yoritish ishlarini tashkil qilsin;

    manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonunchilik hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

    4. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV

    Toshkent shahri,

    2023-yil 15-mart