Qadimiy kentimiz 2200-yillik shonli tarixida hech qachon bunday yuksak maqom va kamolotga erishmagan, desak aslo mubolagʻa boʻlmaydi. Bular shunchaki balandparvoz gap yoki subyektiv mulohaza emas, balki aniq raqamlar va kuzatishlar bilan tasdiqlangan tahlil natijalari. Bu tahlillarni toʻliq anglash uchun poytaxt hayotining oxirgi 30 yillik rivojlanish bosqichiga nazar solish kifoya.
Birgina misol: poytaxt uchun eng ogʻir muammo uy-joy bilan taʼminlash edi. Bu masala uzoq yillar davomida yechilmay qolib, odamlarni charchatayotgandi. Shu maʼnoda, 2016-2024-yillarda Toshkentda 120 mingdan ortiq yangi xonadon foydalanishga topshirilgani yangilanishlar koʻlamining oʻziga xos ifodasi boʻldi.
Ushbu oʻzgarishlar faqat qurilish bilan cheklanib qolmadi. Poytaxtning iqtisodiy muhiti ham tubdan yangilandi. Masalan, Toshkent shahrining yalpi hududiy mahsuloti hajmi bir paytlar 37 trillion soʻmni tashkil etgan boʻlsa, joriy yilning oʻtgan davrida bu koʻrsatkich 252 trillion soʻmga yetdi. Eʼtiborlisi, yil yakuniga qadar ushbu raqam 344 trillion soʻmdan oshishi kutilmoqda. Umuman olganda, soʻnggi toʻqqiz yilda 9,2 barobar oʻsish qayd etildi. Bu esa shunchaki iqtisodiy oʻsish emas, balki poytaxt ahlining hayoti avvalgidan 9,2 karra yaxshilanganidan dalolat beradi.
Kuni kecha Prezidentimiz ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar jarayoni bilan tanishish hamda kelgusidagi vazifalarni faollar ishtirokida belgilab olish uchun Yunusobod tumaniga tashrif buyurdi. Davlatimiz rahbari tumanda barpo etilgan yirik quvvatli kogeneratsiya stansiyasi faoliyati bilan tanishdi. Shuningdek, Prezidentimizga kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik boʻyicha qilingan ishlar va issiqlik markazlarini rivojlantirish, Toshkent issiqlik elektr stansiyasini modernizatsiya qilish, poytaxtda obodonlashtirish ishlarini takomillashtirish boʻyicha taqdimotlar qilindi.
Shundan soʻng davlatimiz rahbari raisligida Toshkent shahrini ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan har tomonlama rivojlantirish, shahar muhitini yaxshilash va munosib yashash sharoitini yaratish masalalari yuzasidan yigʻilish oʻtkazildi. Unda, avvalo, poytaxtda bajarilgan ishlar sarhisob qilindi. Soʻnggi yillarda shaharda ulkan oʻzgarishlar roʻy bergani taʼkidlandi. “2026-yil Toshkent shahri uchun “Jadal rivojlanish va aholi daromadlari oʻsishi” yili boʻladi. Bu gʻoyani roʻyobga chiqarish boʻyicha katta dastur amalga oshiriladi”, dedi Prezidentimiz.
Yigʻilishda poytaxt aholisi uchun manfaatli juda katta yangiliklar haqida soʻz yuritildi. Xususan, poytaxt tumanlarini 3 yoʻnalishda rivojlantirib, 2026-yilda 9 milliard dollar, ikki yilda 20 milliard dollar toʻgʻridan toʻgʻri xorijiy investitsiya kiritilishi belgilandi. Shu bilan birga, masʼullarga qator topshiriq va vazifalar berildi.
Bugun poytaxtda 75 ta maktab va shuncha bogʻcha, 23 ta sport obyektiga ehtiyoj bor. Ayni paytda bolalarning maktabgacha taʼlim muassasalariga qamrovi 81,2 foiz. Prezidentimiz bergan topshiriqlar ijrosi taʼminlansa, bu koʻrsatkich 100 foizga chiqadi.
Endi tuman hokimlari oʻzi mablagʻ jalb qilib, har yili bittadan maktab, bogʻcha va sport obyektini qurishi, qolgan 15 tadan maktab va bogʻcha hamda 11 ta sport obyekti investitsiya dasturi doirasida qurib berilishi belgilandi.
Joriy yildan Toshkent shahrining har bir tumanida bittadan maktabda taʼlim sifatini oshirish boʻyicha “Toshkent tajribasi” boshlangan. Oʻquvchilarning fanlarni oʻzlashtirishiga qarab oʻqituvchilarga 20 million soʻmgacha maosh toʻlanyapti. Bu jarayonda 7-11-sinfdagi 1500 oʻquvchi saralanib, axborot texnologiyalari, tibbiyot, biznes, muhandislik kabi yoʻnalishlarda oʻqitilmoqda. Davlatimiz rahbari mazkur tajriba qamrovini kengaytirib, bunday maktablar sonini kelgusi yili 24 taga, 2027-yilda esa 33 taga yetkazish vazifasini berdi.
Tirbandlik masalasi bugun poytaxtimiz aholisini qiynab kelayotgan yana bir muammo. Tirbandlikni qisqartirish — havo sifati yaxshilanishi, shovqin kamayishi, xavfsizlik oshishi va “yashil” shaharni shakllantirishning samarali vositasidir.
Keyingi yillarda jamoat transporti qatnovi yaxshilanib, yangi va qulay avtobuslar xarid qilindi. Poytaxt metrosi ham kengaytirilib, yangi yoʻnalishlar yoʻlga qoʻyildi. Jumladan, yer osti va yer usti metropoliten liniyalarining umumiy uzunligi 70,5 kilometrga yetkazildi. Bekatlar soni 29 tadan
50 tagacha yetdi. Metro bir kunda 900 ming yoʻlovchiga xizmat koʻrsatmoqda.
Shu bilan birga, avtoturargohlarni tartibga solish, piyodalar hududini kengaytirish, yoʻl harakati ustidan maʼmuriy nazoratni kuchaytirish choralari koʻrilmoqda. Albatta, bu kabi oʻzgarishlar infratuzilma yaxshilanishi, jamoat transporti rivojlanishi va intellektual boshqaruv tizimlari joriy etilishi, eng avvalo, aholining tez, xavfsiz va qulay harakatlanishiga xizmat qiladi.
Yigʻilishda davlatimiz rahbari bu yoʻnalishda ham oldimizda hal etilishi zarur boʻlgan masalalar borligini qayd etdi va bunga qator yechimlar koʻrsatdi. Xususan, endi yirik megapolislar kabi poytaxtimizda ham transport tizimini yagona yondashuv asosida boshqaradigan markaz faoliyati yoʻlga qoʻyiladi. Bu markaz har bir koʻcha, har bir chorrahada transport va piyodalar oqimini sunʼiy intellekt yordamida tahlil qilib, tirbandlik va yoʻl transport hodisasining oldini olish bilan shugʻullanadi.
Kelgusi yili poytaxtga kirishdagi 2 ta nazorat posti shahar tashqarisiga koʻchiriladi, 3 tasi rekonstruksiya qilinadi. Bu yerlarda kamida 3500 ta yuk mashinasi va 5500 ta yengil avtomobil uchun turargohlar hamda aholi uchun kempinglar barpo etiladi. Asosiysi, bu nuqtalar jamoat transporti tarmogʻi bilan bogʻlanadi.
Yana bir muhim yangilik. Kelgusi yilda Toshkent shahrida yangi tizim joriy qilinadi, “mahalla yettiligi” toʻliq shahar hokimligi ixtiyoriga oʻtadi. Xalq deputatlari Toshkent shahri kengashiga orttirib bajarilgan daromadning mahalliy byudjetga qaytariladigan qismidan 20 foizini tumanlarga taqsimlash vakolati beriladi.
Qisqasi, Prezidentimiz Toshkent shahri boshqa shahar va tumanlar uchun namuna boʻlishi kerakligini taʼkidlar ekan, kelgusi yilda bu borada bajarilishi zarur boʻlgan ustuvor vazifalarni belgilab berdi. Ularning ijro etilishi yangilanish va oʻzgarishlar markaziga inson qadri va manfaati qoʻyilgani, Toshkent mintaqaning yetakchi taraqqiyot markaziga aylanishini anglatadi.
Durdona RAHIMOVA,
Toshkent shahar hokimi oʻrinbosari








