Ayni paytda Oʻzbekiston poytaxtini xalqaro biznes va investorlar uchun mintaqadagi yetakchi moliyaviy xab, raqobatbardosh investitsion moliyaviy markazga aylantirish maqsadida Toshkentda xalqaro moliya markazini yaratish ishlari jadal kechyapti. XMMni yaratish “Oʻzbekiston-2030” Strategiyasi maqsadlarini amalga oshirishda muhim harakatlantiruvchi kuch, shuningdek, qoʻshimcha investitsiyalarni jalb etish va korporativ boshqaruvning eng yaxshi amaliyotlari hamda ESG va texnologiyalarni joriy etish maqsadlarini koʻzda tutadi.
Davra suhbati chogʻida ekspertlar Toshkentning global investorlarni jalb etishdagi ustunligi, Oʻzbekistonning investitsion jozibadorligi omillari va uni oshirishda zarur sharoitlarni muhokama qildi. Shuningdek, loyihaning hozirgi holati va uni amalga oshirishdagi dastlabki qadamlar koʻrib chiqildi.
Moderator vazifasini Hudson Sandler LLP bosh direktori Endryu Xeys bajardi.
Davra suhbati ishtirokchilari:
- XMK tahlil idorasi direktori Alyona Dolgova
- Uzum Holding bosh kengashi raisi, Sergey Salikov
- Franklin Templeton toʻgʻridan toʻgʻri investitsiyalar direktori Tek Xoan On
- Avesta Investment Group boshqaruvchi hamkori Karen Srapionov
- J.P. Morgan hududiy direktori Timur Kurmanbayev
- Oʻzbekiston Prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashi raisi, Gʻolib Holjigitov
Davra suhbatini olib borgan Moderator Endryu Xeys Oʻzbekiston prezidentining Toshkentni XMMga aylantirishda tutayotgan oʻrnini alohida taʼkidladi.
“Prezident aytib oʻtganidek, moliyaviy xizmatlar iqtisodiy rivojlanishning asosiy jihatlaridan biridir. Toshkent esa vaqt oʻtishi bilan mintaqadagi yetakchi moliya markaziga aylanish, investorlar uchun jozibador moliyaviy xab boʻlish uchun har qanday salohiyatga ega”.
Xalqaro moliya korporatsiyasi tahlil idorasi direktori Alyona Dolgova xalqaro moliya markazi sifatida Toshkent uchun uchta asosiy ustun borligini aytibdi oʻtdi:
“Birinchisi, maʼmuriy va huquqiy infratuzilma. Bu investorlar uchun juda ham muhim hisoblanadi. Ayniqsa xalqaro miqyosdagi huquqning elementlari mamlakatda boʻlishi katta ahamiyatga ega. Ikkinchisi, albatta mutaxassislikdir. Bu yerda asosiy muhim jihat investorlarga anʼanaviy moliyaviy usullar va mahsulotlardan foydalanishga keng imkoniyat berish desak boʻladi. Mintaqada Islomiy banklarning paydo boʻlish ehtimoli Toshkent uchun strategik yoʻnalishga aylanishi kutilyapti. Uchinchisi esa — iqtisodiyotning raqobatbardoshligi. XVJ hisob-kitoblariga koʻra, Oʻzbekistonda YAIMning yillik oʻsishi 2030-yilgacha 5 foizdan yuqori boʻladi. Mamlakat juda tez rivojlanib boryapti va poytaxt Toshkent global investorlar uchun qulay muhit yaratyapti.”
Ж.П. Morgan hududiy direktori Timur Kurmanbayev, mamlakatga investitsiyalar oqimining koʻpayishi uchun nimalar qilish kerakligi haqida gapirdi.
“Turkiya Bosh vaziri aytib oʻtganidek bu uchun ikkita narsa kerak — siyosiy muhit barqarorligi va kelajakdagi siyosatning aniqligi. Biz mamlakatni xalqaro kapital bozoriga kattaroq taʼsir qilishini xohlaymiz, chunki bu biznes egalari xohlaydigan va kutadigan daraja. Mamlakat IPO va boshqa tadbirlar orqali xalqaro iqtisodiyotga ochiqligini koʻrsatayotgani bizni xursand qilyapti. Buni uzoq vaqtdan beri koʻpchilik kutayotgan edi”, — deydi u.
Franklin Templeton toʻgʻridan toʻgʻri investitsiyalar direktori Tek Xoan Ong taʼkidlashicha, kapital bozori mamlakat rivojlanishida nihoyatda muhim ahamiyatga ega.
“Bu faqat iqtisodiyot yoki kompaniyalar uchun emas, balki koʻpincha kam eʼtibor qaratiladigan oddiy odamlar uchun ham foydalidir. Mamlakat aholisiga pulini sarmoya qilish uchun maydon kerak, xuddi kapital bozori kabi. Investorlar birinchi navbatdan mamlakatga sarmoya kiritishdan avval ishonchni qidiradi. Moliyaviy sektordagi barqarorlik va XMMning yaratilishi esa bu ishonchni beradi”, — deya oʻz fikrini bildirdi Tek Xoan Ong.
Yana bir spiker Karen Srapionov, soʻnggi yillarda bir qancha katta kompaniyalar xususiylashtirilganini qaramasdan, ularning aksariyati mahalliy bozordan yoʻqolib qolganini taʼkidladi. Srapionov, mamlakat moliyaviy sektorida qilinishi kerak boʻlgan ishlar koʻpligini aytib, Xalqaro moliya markazining yaratilishi jarayonni tezlashtirishga yordam berishiga umid qilishini bildirdi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.