Toshkent ogʻir atletika boʻyicha oʻsmirlar oʻrtasida jahon chempionatiga mezbonlik qiladi

    Sport 5 May 2021 964

    3-may kuni davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev mamlakatimiz sportchilarining Tokio-2020 yozgi Olimpiya hamda Paralimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik jarayoni bilan tanishgan va bu borada amalga oshirilayotgan ishlarni qoniqarsiz deb baholagan edi.

    Mazkur yigʻilishda atletlarimizni Olimpiya oʻyinlariga har jihatdan puxta hozirlik koʻrishlari uchun barcha sharoitlarni yaratib berish, sportchilarimizning nufuzli xalqaro musobaqalar va litsenzion turnirlardagi ishtirokini taʼminlash borasida aniq koʻrsatmalar berilgandi.

    Shu maqsadda joriy yil 21-31-may kunlari Toshkent shahrida ogʻir atletika boʻyicha jahon chempionati oʻtkaziladi. Mazkur musobaqa litsenzion turnirlar toifasiga kiritilgan boʻlib, Tokio-2020 Olimpiadasi uchun qimmatli reyting ochkolarini taqdim etadi.

    Poytaxtimizdagi “Yunusobod” sport majmuasida oʻtkaziladigan oʻsmirlar oʻrtasidagi jahon chempionati doirasida yosh atletlar oʻzaro musobaqalashadi.

    Sport tadbiri xalqaro ekspertlar ishtirokida va Oʻzbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi koʻmagida yuqori saviyada tashkil etilishi koʻzda tutilgan.

    Yodingizda boʻlsa, joriy yil 16-25-aprel kunlari Toshkentda ogʻir atletika boʻyicha kattalar oʻrtasida Osiyo chempionati boʻlib oʻtgandi. Musobaqada 180 nafardan ortiq ogʻir atletikachi ishtirok etdi.

    Musobaqada hamyurtimiz, ogʻir atletika boʻyicha Olimpiya chempioni Ruslan Nurudinov siltab koʻtarish mashqida 241 kg ogʻirlikni oʻziga boʻysundirib, yangi jahon rekordini oʻrnatdi.

    Shunday qilib, Osiyo chempionatida 109 kggacha vazn toifasida dastlabki ikki oʻrinni oʻzbekistonliklar – 241 kg natija bilan Ruslan Nurudinov hamda 234 kg koʻrsatkich bilan Akbar Joʻrayevlar egalladi.

    Musobaqa yakunlariga koʻra, ogʻir atletika boʻyicha Oʻzbekiston erkaklar terma jamoasi Qozogʻiston jamoasiga imkoniyatni boy berib, 2-oʻrinni qoʻlga kiritdi. 3-oʻrin esa xitoylik sportchilarga nasib etdi.

    Umid qilamizki, oʻsmirlarimiz ham jahon chempionatida munosib ishtirok etishadi va yurtdoshlarimizni quvontirishadi.