“Toshkent-Samarqand” pullik avtomobil yoʻlini qurish loyihasi ishlab chiqildi

    Urbanizatsiya 11 Dekabr 2023 1292

    Loyihaning dastlabki texnik-iqtisodiy hujjatini ishlab chiqish uchun Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YETTB) tomonidan 350 ming dollar miqdorida grant mablagʻlari ajratilgan.

    Ushbu mablagʻlar hisobidan Avstriyaning “ILF Consulting Engineers Austria GmbH” kompaniyasi tomonidan loyihaning dastlabki texnik-iqtisodiy asosi ishlab chiqilgan. Ushbu hujjatni ishlab chiqish maqsadida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki tomonidan 1,5 mln yevro miqdoridagi mablagʻlar ajratildi.

    Viloyat avtomobil yoʻllari bosh boshqarmasi xabariga koʻra, oʻtkazilgan tender savdo natijalariga koʻra Turkiyaning “Proyapı Mühendislik ve Müşavirlik A.Ş.” (PROYAPI) kompaniyasi gʻolib deb topilib, 1 million yevroga teng boʻlgan shartnoma imzolangan. Bugungi kunga qadar konsultant tomonidan dastlabki hisobot va investitsiya oldi oʻrganish loyihasi taqdim etilgan hamda ishchi guruh tomonidan qabul qilingan. Loyihaning umumiy uzunligi 305 kilometrni tashkil qilmoqda.

    Loyiha xalqaro standartlarga javob beradigan 305 km uzunlikdagi avtomobil yoʻli 6 tasmali “Avtomagistral” talablari asosida quriladi. Shuningdek, hamma tutashma va inshootlar ustidan yangi koʻprik va yoʻl oʻtkazgichlar qurish hamda intellektual transport tizimini oʻrnatish koʻzda tutilgan.

    “Toshkent-Samarqand” pullik avtomobil yoʻli qurilishi natijasida harakat jadalligi taqsimlanishiga olib keladi. Yoʻl qoplamasining yuk koʻtarish qobiliyati xalqaro standartlar boʻyicha 13 tonna hisobida amalga oshiriladi hamda avtomobil yoʻlining xizmat qilish muddati 25 yil etib belgilangan.

    Eslatib oʻtamiz, 2022-yil 8-aprelda “Tadbirkorlik muhitini yaxshilash va xususiy sektorni rivojlantirish orqali barqaror iqtisodiy oʻsish uchun shart-sharoitlar yaratish borasidagi navbatdagi islohotlar toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida “Toshkent-Samarqand” pullik avtomobil yoʻlini qurish loyihasini ishlab chiqilgan edi.