— Odatda kuz-qish oylari gripp va oʻtkir respirator infeksiyalarning tarqalishi uchun qulay davr hisoblanadi, — deydi D. Boʻribayev. — Ayniqsa, bu paytda kichik yoshdagi bolalarning nafas yoʻllari yuqumli kasalliklariga chalinish koʻrsatkichlari yilning boshqa davrlariga nisbatan anchagina ortadi.
Qolaversa, joriy yil yurtimizda kuz faslining ilk oyi biroz salqin kelishi bu holatni yanada tezlashtirib, bolalarning gripp va oʻtkir respirator kasalliklar (OʻRK) bilan ogʻrishi koʻp kuzatilyapti. Bu esa oʻz-oʻzidan “103”ga boʻlayotgan chaqiriqlar soni ortishiga ham sabab boʻlyapti.
Raqamlarga murojaat qilsak, joriy yil 7-17-oktyabr kunlari shahar “Tez yordam” xizmatiga bemor bolalar boʻyicha jami chaqiriqlar soni 13 ming 820 tani tashkil etdi. Shundan tana harorati koʻtarilgan, OʻRVI va pnevmoniya holatlari kuzatilgan 10 ming 474 nafar bolaga sifatli tibbiy yordam koʻrsatilib, zotiljamga chalingan 41 nafar bola gospitalizatsiya qilindi.
Aytish lozimki, oktyabr oyining oʻtgan davri mobaynida bemor bolalar boʻyicha shahar Ya103” xizmati CALL markaziga boʻlayotgan kunlik murojaatlar soni oʻrtacha 1 300-1 500 tani tashkil etayotgan boʻlsa, eng koʻp chaqiriq 8-oktyabrga toʻgʻri kelib, shu kuni 2 025 ta murojaat qabul qilindi, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.