Korrupsiyaga qarshi kurashish doirasida Davlat xavfsizlik xizmati organlari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosarining noqonuniy harakatlari fosh etildi.
Jumladan, mazkur mansabdor shaxs oʻz xizmat mavqeyini suiisteʼmol qilib, Toshkent shahrida qurilishi rejalashtirilgan binolarning eskiz loyihasini tasdiqlash, yongʻindan avtomatik tarzda xabar beruvchi qurilmalar boʻyicha tuzilgan dalolatnomalarni imzolash hamda yangi qurilgan yoki rekonstruksiya qilingan binolarni Davlat qabul komissiyasiga foydalanishga topshirilishida ijobiy xulosa berish evaziga doimiy ravishda tamagirlik yoʻli bilan pora olib kelgan.
Eng achinarlisi, bunday obyektlar ichida umumiy oʻrta taʼlim maktabi va tibbiyot muassasasi binolari ham bor.
Hozirda mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.
Dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.