Toshkent shahar hokimi BAA delegatsiyasini qabul qildi

    Xalqaro hamkorlik 21 Sentabr 2021 659

    Bugun, 21-sentyabrda, Toshkent shahar hokimligida poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxoʻjayev Birlashgan Arab Amirliklarining biznes-delegatsiyasi bilan uchrashdi. Delegatsiyaga Al Maktum qirollik oilasining vakili Shayx Muhammad Bin Maktum Bin Juma Al Maktum boshchilik qildi.

    Mehmonlarni qarshi olgan J.Ortiqxoʻjayev oliy martabali mehmonlarga tashrif uchun minnatdorlik bildirib, ushbu uchrashuv Oʻzbekiston Respublikasi bilan Birlashgan Arab Amirliklari oʻrtasidagi hamkorlik jadal va muvaffaqiyatli rivojlanayotganidan dalolat ekanligini mamnuniyat bilan qayd etdi. Oʻzbekistonda regbi sport turini rivojlantirishga qoʻshayotgan hissasi uchun minnatdorligini shayxga bildirdi.

    Oʻz navbatida, Shayx Muhammad Bin Maktum Bin Juma Al Maktum samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Oʻzbekiston, xususan, Toshkent shahri bilan BAA oʻrtasida oʻzaro foydali hamkorlik uchun imkoniyatlar koʻlami juda kengligini taʼkidladi. Jumladan, oʻzaro ishonch va shaffof faoliyat asosida Toshkent shahrida yirik, yuqori qoʻshilgan qiymat keltiruvchi, infratuzilmaviy loyihalar, xususan, chiqindilarni qayta ishlash orqali energiya ishlab chiqarish, oqava suv tizimlarini modernizatsiya qilish, shaharsozlik, sogʻliqni saqlash sohasidagi loyihalarini amalga oshirishga qiziqish bildirdi.

    Konstruktiv ruhda oʻtgan uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni rivojlantirish borasida muloqotni davom ettirishga kelishib oldilar, deb xabar beradi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.