Toshkent shahar hokimining oʻrinbosari Sankt-Peterburg delegatsiyasi bilan uchrashdi

    Xalqaro hamkorlik 2 Avgust 2022 751

    2-avgustda Toshkent shahar hokimining turizm, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari boʻyicha oʻrinbosari Faxriddin Davrukov Sankt-Peterburg shahri Turizmni rivojlantirish qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Nana Gvichiya boshchiligidagi Sankt-Peterburg hukumati delegatsiyasini qabul qildi.

    Uchrashuv Sankt-Peterburg gubernatori Aleksandr Dmitriyevich Beglovning 2022-yil oktyabr oyida Toshkentga amalga oshirilishi moʻljallangan tashrifiga tayyorgarlik koʻrishga bagʻishlandi. Maʼlum qilinishicha, gubernator tashrifi boʻyicha avval ishlab chiqilgan “yoʻl xaritasi”ni turizmni rivojlantirish, xususan, uzluksiz taʼlim tizimida turizm sohasida Xalqaro vakolatlar markazini tashkil etish boʻyicha bandlar bilan toʻldirish taklif qilinyapti. Tashrif doirasidan Sankt-Peterburg Qonunchilik kengashi rahbariyatining xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi vakillari bilan uchrashuvi ham oʻrin oldi.

    Bundan tashqari, Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda biznes-forumini oʻtkazish, Ikkinchi jahon urushi davrida blokadadan aziyat chekkanlarni qabul qilgan oʻzbeklarga minnatdorchilik yodgorligini qoʻyish va Sankt-Peterburg sanʼat ustalarining konserti rejalashtirilgan.

    Uchrashuvda Sankt-Peterburg gubernatorining Toshkentga tashrifiga tayyorgarlikning texnik jihatlari atroflicha koʻrib chiqildi, deb xabar beradi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.