Project.gov.uz portalida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Istirohat bogʻlari faoliyati va ularni boshqarish tizimini tubdan takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori loyihasi (10.04.2023-yildagi ID-84377) eʼlon qilindi.

Unga koʻra, madaniyat va istirohat bogʻlarini viloyatlar hokimliklari huzurida tashkil etiladigan “Istirohat bogʻlarini boshqarish direksiyalari” tasarrufiga oʻtkazish koʻzda tutilgan.

Eslatib oʻtamiz, project.gov.uz portali loyihalarning jamoatchilik muhokamasini oʻtkazishni nazarda tutadi va faqat jamoatchilik tomonidan qabul qilingandan keyingina hujjat vakolatli organlar tomonidan tasdiqlanadi va u kuchga kiradi.

Maʼlumot uchun:

Loyiha “Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 2023-yil 24-martdagi PQ-102-sonli qarori ijrosi doirasida respublikadagi bogʻlar faoliyatini yanada takomillashtirish, aholining boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazishi uchun qulayliklar yaratish, madaniy-maʼrifiy tadbirlarni oʻtkazish imkoniyatlarini kengaytirish va ularni boshqarish tizimini takomillashtirish maqsadida Davlat aktivlari agentligi tomonidan ishlab chiqilgan.

Botanika bogʻi istirohat bogʻi emas, u nafaqat koʻp navli oʻsimliklarni, balki shu soha mutaxassislarini ham yetishtirishga yordam beradigan ilm-fan dargohidir. U — nafaqat poytaxtning, balki butun mamlakatning durdonasidir.

Vaziyatni oʻrgangan va Botanika bogʻi mutaxassislari bilan suhbatlashgan holda, shuni maʼlum qilamizki, Botanika bogʻi Toshkent shahar hokimligi balansiga oʻtkazilmagan va hokimlik mazkur qaror tashabbuskori emas. Hokimlik ushbu ilmiy dargohning mamlakat ekotizimini asrash, oʻsimliklar genofondini saqlash va koʻpaytirishdagi ahamiyatini eʼtirof etadi va uni istirohat bogʻiga aylantirishga yoʻl qoʻymaydi.

Hokimlik boqqa gʻamxoʻrlik qilayotgan, uning taqdiridan qaygʻurayotgan faol shahar aholisiga, xususan, Oʻzbekiston bosh dendrologi Atirgul Xolmirzayevaga oʻz minnatdorchiligini bildiradi.

Minglab auditoriyaga ega boʻlgan blogerlar, inflyuyenserlar va boshqa manbalar aniq maʼlumotlarga ega boʻlmasligi va obunachilarni mubolagʻaga kiritib qoʻyishi mumkin, shu sababli, Toshkent shahri aholisiga hokimlik faoliyati bilan bogʻliq masalalar boʻyicha aniq va ishonchli maʼlumotlarni 71 2100163 telefon raqami hamda ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalar orqali olishlari mumkinligini eslatib oʻtamiz.