Soʻnggi oylarda Toshkent shahrida ayrim quruvchilar tomonidan qurilish meʼyorlari va amaldagi qonunchilik talablari buzilgan holatlar aniqlandi.
Qator hollarda qurilish ishlari zarur ruxsat beruvchi hujjatlar, ekspertiza xulosalari va texnik maʼlumotnomalarsiz boshlangan. Shu orqali fuqarolarga uy-joylarni noqonuniy ravishda sotishga urinish holatlari kuzatilgan.
Bunday holatlar natijasida baʼzi fuqarolar vijdonsiz kompaniyalarga ishonib, moliyaviy yoʻqotishlarga uchragan va uy-joysiz qolgan.
Toshkent shahar hokimligi vakolatli tashkilotlar bilan hamkorlikda mazkur masalada qatʼiy pozitsiyani egallab, qonunbuzarlik holatlariga nisbatan choralar koʻrmoqda. Shaharning bir qator tumanlarida toʻliq hujjatlarga ega boʻlmagan 59 ta obyektda qurilish ishlari toʻxtatildi. Ushbu obyektlar elektr tarmogʻidan uzilgan. Qurilish maydonlarida nazorat va monitoring ishlari davom ettirilmoqda. Aniqlangan har bir qonunbuzarlik holati yuzasidan belgilangan tartibda huquqiy choralar koʻrilmoqda.
Toshkent shahar hokimligi aholini koʻchmas mulk xarid qilishda ehtiyotkor boʻlishga chaqirmoqda.
Xususan:
- fuqarolardan xarid qilinayotgan uy-joyga oid barcha hujjatlarning asl nusxalarini talab qilish,
- ularni sinchkovlik bilan oʻrganish,
- pul mablagʻlarini naqd yoki norasmiy yoʻllar orqali toʻlamaslik,
- shartnoma mazmunini toʻliq anglab imzolash tavsiya etilmoqda.
Shuningdek, qurilish kompaniyasi yoki obyekt qonuniyligi boʻyicha shubhalar paydo boʻlsa, Toshkent shahar hokimligining rasmiy platformalari orqali murojaat qilish mumkin. Murojaat etuvchilarga obyektning huquqiy maqomi yuzasidan rasmiy maʼlumot taqdim etiladi.
Toshkent shahar hokimligi barcha tadbirkorlar va quruvchilardan qurilish yoki savdo faoliyatini boshlashdan oldin qonunchilikda belgilangan barcha ruxsat beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirishni soʻraydi. Qurilish meʼyorlarining buzilishi hamda fuqarolar manfaatlariga zarar yetkazuvchi harakatlar holatida hokimlik tomonidan qatʼiy choralar koʻrilishi taʼkidlanmoqda.