Toshkent shahar hokimligi yangi quriladigan uylardan xonadon sotib olishda ogohlantirdi

    Ijtimoiy hayot 20 Dekabr 2022 1716

    Hozirgi kunda ayrim quruvchi tashkilotlar qurilish loyihasi hududiy arxitektura va shaharsozlik kengashi tomonidan tasdiqlanmagan va ekspertizadan oʻtmagan koʻp kvartirali uylardagi xonadonlarni “qurib berish” shartlarida sotishni taklif etmoqda.

    Aksariyat hollarda, bunday xonadonlarni sotib olishga shartnoma tuzganlar xonadonni oʻz nomiga roʻyxatdan oʻtkazish, ichimlik suvi, tabiiy gaz va elektr tarmoqlariga ulashda qiyinchiliklarga duch kelmoqda.

    Taʼkidlanishicha, Toshkent shahar, Taras Shevchenko koʻchasi, 23-uy manzilida barpo etilishi “rejalashtirilgan “DAhO koʻp funksiyali majmuasi” boʻyicha reklama qilinayotgan 5 ta koʻp kvartirali uylar loyihasi boʻyicha hududiy arxitektura va shaharsozlik kengashi qarori olinmagan va davlat ekspertizasidan oʻtkazilmagan boʻlsada, quruvchi tashkilot xonadonlar sotuvini joriy yil dekabr oyidan boshlab yuborgan.

    "Yangi quriladigan uylardan xonadon sotib olishda “sizga taklif etilayotgan qurilishi rejalashtirilgan uy” qurilish loyihasi hududiy arxitektura va shaharsozlik kengashida koʻrib chiqilib, davlat ekspertizasidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi hujjatlar bilan tanishing.

    Loyihasi kelishilmagan, davlat qurilish ekspertizasidan oʻtkazilmagan uydan kvartira sotib olib, oʻzingizni uzoq davom etadigan muammolarga duchor qilmang.

    Oʻz vaqtingizni, mablagʻingizni sarflashda talabchan boʻling!", — deyiladi xabarda.