баннер
28 Apr 2025
01:18

    Toshkent shahar hokimligi yuristkonsulti pora bilan ushlandi

    Hokimlik yuristkonsulti chet el fuqarosiga toʻlanishi kerak boʻlgan 8,8 mlrd soʻm kompensatsiyani tezroq olib berish uchun vositachi orqali 70 ming AQSH dollari talab qilgan.

    Toshkent shahar hokimligining Yuridik boshqarmasi yuristkonsulti chet el fuqarosiga tegishli boʻlgan koʻchmas mulk davlat ehtiyojlari uchun buzilganligi sababli, kompensatsiya sifatida sud qarori bilan davlat tomonidan ajratilishi belgilab qoʻyilgan 8,8 mlrd. soʻmni tezlashtirib olib berish evaziga, oʻzining 1979-y.t. tanishi orqali mazkur pul mablagʻining 10 foizini, yaʼni 70 ming AQSH dollari talab qilgan.

    Aks holda, sud qarori yuzasidan Toshkent shahar hokimligi nomidan kassatsiya shikoyati berib, koʻchmas mulkni qayta baholash yoʻli bilan, belgilangan kompensatsiya miqdorini kamaytirishi mumkinligini aytgan.

    DXX hamda IJQKD xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, vositachi xorijiy fuqarodan 70 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

    Soʻrov suhbati davomida, u bir muddat avval yuristkonsultga oʻz hisobidan 50 ming AQSH dollari berib qoʻyganligini aytib, yana 15 ming AQSH dollarini yuristkonsultga olib borib berishini, qolgan 5 ming AQSH dollarini esa oʻzining vositachilik xizmati uchun olib qolishni rejalashtirganligini maʼlum qildi.

    Soʻngra tezkor tadbir davom ettirilib, yuristkonsult 15 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ushlandi.

    Shuningdek, yuristkonsult muqaddam oʻzining vositachisidan olgan 50 ming AQSH dollaridan 10 ming AQSH dollarini kompensatsiya mablagʻining oʻtkazilish jarayonini tezlashtirib berishi uchun Toshkent shahar Iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasining bosh mutaxassisiga berganligi maʼlum boʻldi.

    Yuriskonsult koʻrsatmasi asosida bosh mutaxasiss protsessual tartibda ushlandi hamda yuristkonsult 40 ming AQSH dollarini, bosh mutaxassis esa 10 ming AQSH dollarini ixtiyoriy ravishda taqdim qildi.

    ***

    “Hududgaz Surxondaryo” gaz taʼminoti filialining Termiz shahar boʻlimi Gaz taʼminoti obyektlarini texnik tiklash va ishlatish xizmati boshligʻi Koson tumanida yashovchi fuqaro yuk avtomashinasini boshqarib ketayotib, avtotransport vositasining tom qismi bilan tabiiy gaz quvuriga shikast yetkazgani holati yuzasidan tuzilgan dalolatnomani yoʻq qilish hamda 11 mln. soʻm miqdorida jarimaga tortmaslik evaziga, undan 400 AQSH dollari va 500 ming soʻm talab qilib, 3 mln. 900 ming soʻm va 100 AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Tergovga qadar tekshiruv davomida, u avvalroq 500 ming soʻm olganligi ham maʼlum boʻldi.

    ***

    Kadastr agentligining Jizzax viloyati Zomin tumani boʻlimi yetakchi inspektori 1997-y.t. fuqaro oʻzboshimchalik bilan egallab olgan yer uchastkasida qurilish ishlarini amalga oshirganligi holati yuzasidan qoʻllanilgan 75 mln. soʻm miqdoridagi jarimani tanishlari orqali kamaytirib, noqonuniy qurilgan turar-joy binosining hujjatlarini rasmiylashtirib berish evaziga 400 AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.

    ***

    Davlat kadastrlar palatasining Qashqadaryo viloyati Koson tumani boʻlimi kadastr muhandisi oʻz xizmat mavqeidan foydalangan holda mahalliy fermer xoʻjalik rahbari bilan til biriktirib, mansabdor tanishlari orqali mazkur fermer xoʻjalikning 2 gektar suvli yer maydonini 60 mln. soʻmga hamda tegishli hujjatlari boʻlmagan 35 sotix yer maydonini turar-joy toifasiga oʻzgartirib, keyinchalik egalik huquqini beruvchi hujjatni rasmiylashtirib berish evaziga 525 mln. soʻm, jami xaridordan 585 mln. soʻm talab qilib, oldindan 17 ming AQSH dollari olgan vaqtlarida ushlandi.

    ***

    Majburiy ijro byurosining Qarshi shahar boʻlimi davlat ijrochisi jinoyat oqibatida yetkazilgan zararni undirish toʻgʻrisidagi ijro ishi yuzasidan jabrlanuvchi fuqaroga qaytarilishi lozim boʻlgan 554 mln. soʻmni uning plastik kartasiga oʻtkazib berish evaziga muqaddam 2 mln. soʻm va 100 AQSH dollari olib, qoʻshimcha 2 mln. soʻm olgan vaqtida ushlandi.

    ***

    “Hududiy elektr tarmoqlari” AJga qarashli “Energosavdo” korxonasining Sirdaryo viloyati Xovos tumani boʻlinmasi inspektori mahalliy fermer xoʻjalik tomonidan elektr energiyasiga noqonuniy ulanish natijasida davlat manfaatlariga 14 mln. soʻm miqdorida yetkazilgan zararni yoʻq qilib, xoʻjalikni tarmoqqa qayta ulab berish evaziga 7 mln. soʻm olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

    Hozirda barcha holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

    Telegram kanalimiz
    Text to speech