Toshkent shahar IIBB bayonotida aytilishicha, Chilonzor tumani IIO FMB tergov boʻlimi ish yurituvida fuqaro A.A.ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 244-2-moddasi (“Diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish”) alomatlari bilan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi tergov qilinmoqda.
Mazkur fuqaro xalqaro terroristik tashkilotlarga qoʻshilish maqsadida Oʻzbekiston hududidan chiqib ketayotgan vaqtida qoʻlga olingan. Mazkur jinoyat ishi doirasida gumonlanuvchining jinoiy sheriklarini aniqlash maqsadida bir nechta fuqarolar tergov idoralariga chaqirtirilgan.
Biroq ayrim fuqarolar uzrli sabablarsiz tergov organlariga kelishdan bosh tortganligi sababli, ular hududiy tuman IIO FMBga majburiy tartibda olib kelingan.
Ular Chilonzor tumanidagi sport zallarda boʻlgan va tuman IIO FMBga olib borilgan. Keltirilgan har bir fuqaro bilan suhbat oʻtkazilib, jinoyat ishiga aloqador boʻlmagan fuqarolar qoʻyib yuborilgan. 3 nafar fuqaroga nisbatan jinoyat ishi doirasida qamoqqa olish ehtiyot chorasi qoʻllangan, deyiladi IIBB xabarida.
Tergov davom etmoqda.