Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasining Atrof-muhit ifloslanishini monitoring qilish bo'limi xodimlari tomonidan poytaxtimizning 5 ta nuqtasidan tahlil natijalari olindi.
Ushbu jarayonga Davlat Ekologiya qo'mitasining mobil laboratoriyasi va mutaxassislari jalb etilib, namunalar asosida tahlillar amalga oshirildi.
Olingan namuna natijalari 2-nuqta (Yunusobod tumani 6-mavze)da umumiy chang miqdori bo'yicha belgilangan (PDK) me'yordan ortiqligini ko'rsatdi.
Mutaxassislar fikriga ko'ra, uzoq vaqt davomida yog'ingarchilikning yo'qligi, kuchsiz shamollar, haroratning inversiyasi atmosfera havosining turg'unligiga imkon bergan. Buning natijasida ifloslantiruvchi moddalarning to'planishi kuzatilgan.
Shu o'rinda aytish kerakki, 17-oktyabrdan 18-oktyabrga o'tar kechasi yog'ingarchilik tufayli Toshkent shahri havosi chang-to'zonlardan tozalanib, xalqaro darajadagi standartlarga ko'ra, havo ifloslanishi ko'rsatkichi 38-o'rinni qayd etgan.
Yog'ingarchilikdan keyin Toshkent shahar havosining holatini aniqlash maqsadida mobil laboratoriya orqali takroran o'lchash ishlari amalga oshirildi. Unga ko'ra, havoning ifloslanish holatlari kuzatilmagan.