Toshkent shahri hududidagi daraxtlarni raqamlashtirish orqali ularning pasporti yaratiladi

    Yashil sayyora 24 Noyabr 2023 1585

    Daraxtlarni pasportlashtirish quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:

    Farmonga koʻra, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida eksperiment tariqasida Toshkent shahri hududidagi daraxtlarni raqamlashtirish orqali ularning pasporti yaratiladi.

    Daraxtlarni pasportlashtirish quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:

    • 1-bosqich (2024-yil 1-martgacha) – mavjud daraxtlar toʻliq xatlovdan oʻtkaziladi (yakka tartibdagi uy-joylar hududidagi daraxtlar bundan mustasno);
    • 2-bosqich (2024-yil 1-noyabrgacha) – xatlov natijasiga koʻra aniqlangan daraxtlarning turi, yoshi, boʻyi, holati va joylashuv koordinatasini aks ettiruvchi maʼlumotlar bazasi shakllantiriladi;
    • 3-bosqich (2024-yil 31-dekabrgacha) – maʼlumotlar bazasi asosida “Yashil makon” elektron platformasida har bir daraxtga pasport shakllantiriladi va ID raqam beriladi.

    Eksperiment yakunlaridan kelib chiqib, respublikaning boshqa hududlarida ham daraxtlar pasportini joriy qilish nazarda tutilgan.

    Farmon bilan 2024–2028-yillarda Orolboʻyi mintaqasini barqaror rivojlantirish, innovatsiyalar va yashil texnologiyalarni keng joriy etish boʻyicha milliy dastur tasdiqlandi.

    2024-yil 1-martdan:

    • yangi quriladigan, balandligi yer yuzasidan 12 metrdan baland va (yoki) umumiy maydoni 500 kvadrat metrdan ortiq boʻlgan bino va inshootlar, agar ularga tutash hududlardagi yerlarning kamida 25 foizi koʻkalamzorlashtirish maydonlariga ajratilmagan va ularda koʻkalamzorlashtirish tadbirlari amalga oshirilmagan taqdirda, davlat qabul komissiyasi tomonidan qabul qilinmaydi;
    • atrof-muhitga taʼsir koʻrsatishning I va II toifalariga kiruvchi sanoat korxonalari loyiha hujjatlari boʻyicha beriladigan davlat ekologik ekspertizasi xulosalarida oʻz va tutash hududlarida “yashil belbogʻ”lar barpo etish va koʻkalamzorlashtirish tadbirlarini amalga oshirish majburiy boʻlgan talab etib belgilanadi.

    Farmonga koʻra, quyidagilar tashkil etiladi:

    - Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universiteti (Green University) huzuridagi Atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish texnologiyalari ilmiy-tadqiqot institutida Oʻsimlik va hayvonot dunyosi genofondi masalalari laboratoriyasi;

    - Universitet huzuridagi Oʻrmon xoʻjaligi ilmiy-tadqiqot instituti tizimida:

    • “in-vitro” laboratoriyasi va uning hududiy boʻlinmalari;
    • “Oʻrmon urugʻchiligi markazi” davlat muassasasi va uning hududiy (Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Fargʻona, Buxoro, Samarqand, Qashqadaryo viloyatlari) boʻlinmalari;
    • “Yashil hudud” davlat unitar korxonasida alohida yuridik shaxs tashkil etmagan holda Daraxt kasalliklari va zararkunandalariga qarshi kurashish xizmati.