Toshkent shahrida maktab direktori o‘quvchini kaltakladi

    Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahridagi 217-maktab direktorining o‘quvchini kaltaklagani aks etgan videoxabarlar tarqaldi. Holat bo‘yicha shahar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi rasmiy munosabat bildirdi.

    Unga ko‘ra, videoda tasvirga olingan voqea 2023-yil 19-sentabr kuni ro‘y bergan. Shu kuni 217-maktabning 8-“B” sinf o‘quvchilari A.M. hamda Sh.I. lar sinfxonada o‘zaro mushtlashib qolgan. A.M. sinfdoshining yuziga musht tushirib, tan jarohati yetkazgan. Bundan xabar topgan maktab ma’muriyati o‘quvchilarni direktor xonasiga chaqirishgan. Maktab direktori Y.Sh., ma’anaviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari G.X., Chilonzor tuman IIO FMB HPB VEMB inspektor psixologi, katta leytenant M. I. guvohligida o‘quvchilar bilan tushuntirish ishlari olib borgan. A.M. ga tanbeh berish chog‘ida maktab direktori jahl ustida uni so‘kib, kaltaklagan va tartibga chaqirgan.

    Yuqoridagi holat yuzasidan tuman hokimi o‘rinbosari, maktab ma’muriyati, o‘qituvchilar, IIB xodimlari va ota-onalar ishtirokida ham yig‘ilish o‘tkazilgan.

    Ayni paytda yuqoridagi holat huquq-tartibot idoralari tomonidan o‘rganilmoqda.

    "Hurmatli pedagoglar! O‘quvchilarga nisbatan zo‘ravonlik ishlatish, jumladan, ularni haqoratlash, kaltaklash pedagog etikasiga to‘g‘ri kelmasligini, buning uchun qonunchiligimizda jazo choralari belgilab qo‘yilganligini yana bir bor eslatib o‘tamiz. Yuqoridagi kabi xunuk holat pedagog obro‘siga putur yetkazadi, xolos", deyiladi munosabatda.