Toshkent shahri moliya, ilgʻor texnologiyalar, madaniyat va turizm markaziga aylantiriladi

    Toshkent shahrining doimiy aholisi har yili oʻrtacha 100 mingdan koʻpayib, 2030-yilda 3,5 milliondan oshishi kutilmoqda.

    Shuningdek, yalpi hududiy mahsulotni 52 milliard dollarga yetkazish, jon boshiga daromadni qariyb 2 karra oshirib, 15 ming dollarga yetkazish reja qilingan.

    Ushbu marralarga erishish uchun shahar hokimi va uning oʻrinbosarlari, 12 ta tuman hokimi tinimsiz izlanishi, shahar uy-joy fondi, transport, energetika, taʼlim va tibbiyot, servis infratuzilmalarini dunyoning zamonaviy megapolislari andozasi asosida qayta koʻrib chiqishi zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

    Shu bois, shunday megapolislarda rahbar boʻlgan mutaxassislarni hokimga maslahatchi qilib olib kelish boʻyicha taklif maʼqullandi.

    Ularning koʻp yillik tajribasidan foydalanib, Toshkent shahrini moliya, ilgʻor texnologiyalar, madaniyat va turizm markaziga aylantirish kerakligi qayd etildi.